Markaziy Osiyo yoshlar ekologik forumi

14:59 03 Oktyabr 2023 Jamiyat
507 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqandda Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish boʻyicha Markaziy Osiyo strategiyasini ishlab chiqishga doir Markaziy Osiyo yoshlar ekologik forumi boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Yoshlar siyosati va sport vazirliklari, “Zamin” xalqaro jamoat fondi, YUNISEF, YUNESKO, BMT taraqqiyot dasturi va FAO koʻmagida tashkil etilgan mazkur tadbirda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston ekofaollarining 60 nafardan ziyod yetakchisi ishtirok etyapti.

Foto: “Xalq soʻzi”

Taʼkidlash lozim, mazkur tadbir Birlashgan Arab Amirliklaridagi SOP 28 – Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konvensiya ishtirokchilari konferensiyasi munosabati bilan oʻtkazilmoqda.

Unda yoshlarning iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashishdagi rolini eʼtirof etish, yosh ekofaollarga ekologik taklif va tashabbuslarni ilgari surish uchun platforma yaratish hamda Markaziy Osiyoda yoshlar ekologik harakatini integratsiya qilish koʻzda tutilgan.

Foto: “Xalq soʻzi”

Tadbir ishtirokchisi boʻlgan Markaziy Osiyoning 5 davlatidan tashrif buyurgan ekofaollar yoʻqotilgan yashilliklarni kompensatsiya qilish uchun sunʼiy oʻrmonlar yaratish, yoshlarning ekoxabardorligini oshirish, ekostartaplarni moliyalashtirish, elektrokarlarga oʻtganlarni ragʻbatlantirish, yonilgʻida yuradigan mashinalar katalizatorlarini yaxshilash evaziga zararli gazlarni kamaytirish hamda ekologik muammolarga mashhur insonlar yordamida odamlar eʼtiborini qaratish kabi takliflarni ilgari surishmoqda.

Tadbir doirasida shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirokida seminarlar, uchrashuvlar oʻtkazilib, Markaziy Osiyo strategiyasi hamda “Yoʻl xaritasi” boʻyicha muhokamalar tashkil etilmoqda.

Ushbu ekoforum 5-oktyabrga qadar davom etadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер