Markaziy Osiyo sivilizatsiyasida Qashqadaryoning oʻrni qanday?
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qarshi shahridagi Osiyo texnologiyalar universitetida “Qashqadaryo vohasining Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.
Ikki kun davom etgan anjumanda yurtimiz hamda qardosh davlatlarning taniqli olimlari, arxeologlar, tadqiqotchilar oʻzlarining voha tarixiga oid tadqiqotlari, ilmiy izlanishlari bilan ishtirok etdi.

Anjumanda taʼkidlanganidek, maʼlum bir hududda sivilizatsiya qanchalik rivojlanganligini u yerdagi shahar madaniyati, yozuv madaniyati, diniy eʼtiqod, metallurgiya, dehqonchilik madaniyati, qonunlar asosida boshqariladigan davlat hokimiyati, kommunikatsiya tizimlari hamda ichki va tashqi aloqalarning darajasiga qarab baholanadi. Qashqadaryo viloyatida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari davomida topilgan shahar va qishloqlar xarobalari, turli buyumlar, ish qurollari namunalari hamda yozma manbalar shuni koʻrsatadiki, bu yerda eng qadimgi davrlardan boshlab sivilizatsiya jadal rivojlangan.
— Soʻnggi yillarda mamlakatimizda boy madaniy merosimiz va tarixiy yodgorliklarimizni qayta tiklash, tariximizni chuqur oʻrganish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda, — deydi Oʻzbekiston Milliy universiteti professori, tarix fanlari doktori Oʻktam Mavlonov. — Bugungi tadbir ham bu boradagi ishlarning yana bir namunasi boʻldi. Anjumanda qardosh xalqlar olimlari bilan birga Qashqadaryo vohasi tarixini oʻrganish boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar, izlanishlar bilan yana bir bora tanishdik, ularni keng muhokama qildik. Bu kabi tadbirlar, ayniqsa, yosh tarixchilar, boʻlgʻusi tadqiqotchilar uchun yanada foydali boʻldi, deb oʻylayman.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring