“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi
Ilgari xabar berganimizdek, Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbir mintaqa va Yevropa oʻrtasidagi parlament diplomatiyasini tizimli tarzda rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.
Forum ochilishi marosimida Sodiq Safoyev oʻz soʻzida mazkur format parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, ishonchni oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladigan muhim platforma ekanini taʼkidlab oʻtdi.
Bir yil oldin Samarqandda oʻtgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti mintaqalararo hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga olib chiqqani qayd etildi. Forum aynan oʻsha sammitda ilgari surilgan tashabbuslardan biri boʻlib, bugungi munosabatlar yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi.
Yevropa parlamenti raisi oʻrinbosari Kristel Shaldemoze Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorligi keng qamrovli boʻlib, koʻp tomonlama hamkorlik, erkin savdo va demokratiya tamoyillariga asoslangan barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga qaratilganini qayd etdi.
Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston bilan aloqalar boʻyicha Yevropa parlamenti delegatsiyasi rahbari, Yevropa parlamenti deputati Djuzi Princhi parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, barqaror rivojlanish va qonun ustuvorligini taʼminlashda hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekaniga eʼtibor qaratdi.
Bundan tashqari, ochilish marosimida soʻzga chiqqan Qozogʻiston Parlamenti Majilisi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasi raisi Aygul Kuspan, Tojikiston Majlisi Namoyondagon Majlisi Oli raisining oʻrinbosari Mavsuma Muini, Turkmaniston Medjlisi Xalqaro va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi Maksat Kuliyev, Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshining Fan, taʼlim, innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari, madaniyat, sport va yoshlar ishlari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Saltanat Amanova mintaqalararo sheriklikni yanada chuqurlashtirish zarurligiga urgʻu berdi.
Siyosiy muloqotni rivojlantirish, parlament diplomatiyasining rolini kuchaytirish va hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash masalalari muhokama markazida boʻldi.
Forum oʻz ishini sessiyalar doirasida davom ettirdi. Birinchi sessiya “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi siyosiy muloqotning bugungi holati va uning istiqbollari” mavzusiga bagʻishlandi. Sessiyada soʻzga chiqqanlar 2025-yildagi Samarqand sammiti doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, huquqiy bazani takomillashtirish hamda parlament diplomatiyasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Ikkinchi sessiyada iqtisodiy oʻzaro bogʻliqlik, barqaror oʻsish va “yashil” transformatsiya masalalari muhokama qilindi. Bunda transport-logistika aloqalarini kengaytirish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish kabi yoʻnalishlar atroflicha koʻrib chiqildi.
Uchinchi sessiyada esa qonun ustuvorligi, raqamli transformatsiya va inklyuziv boshqaruv masalalariga eʼtibor qaratildi. Xususan, inson huquqlarini taʼminlash, raqamli makonda xavfsizlikni kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni huquqiy jihatdan tartibga solish masalalari diqqat markazida boʻldi.
Forum yakunida tadbir doirasida ilgari surilgan tashabbus va kelishuvlar aks etgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring