Markaziy bank rahbari energiya narxlarining liberallashuviga izoh berdi
Foto: Arxiv surat \ Suratda Mamarizo Nurmurotov
Joriy yilning 20-yanvar kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov hukumatning Oʻzbekistonda energiya narxlarini liberallashtirish boʻyicha rejalari haqida gapirdi.
Maʼlumotlarga koʻra, energiya resurslariga tariflarni liberallashtirish masalasi “kun tartibida”. Raisning taʼkidlashicha, boʻlajak bozor narxlariga oʻtishni Qozogʻistondagi vaziyat bilan solishtirib boʻlmaydi.
“Kun tartibida energiya resurslari narxlarini erkinlashtirish masalasi turibdi. Hukumat turli variantlar ustida ishlamoqda. Albatta, biz buni boshdan kechirishimiz kerak. Buni toʻgʻri tushunish kerak”, — dedi Nurmurotov.
Markaziy bank rahbari noroziliklarga sabab boʻlgan Qozogʻistonda suyultirilgan gaz narxi oshishi bilan bogʻliq vaziyatni Oʻzbekistondagi vaziyat bilan solishtirishni ham notoʻgʻri deb atadi.
“Bu holatni har bir davlat oʻzining iqtisodiy sharoiti, iqtisodiy salohiyati, iqtisodiy islohotlaridan kelib chiqib belgilaydi. Shu bois bu masala iqtisodiy islohotlarimizning bir boʻgʻini sifatida kun tartibiga qoʻyilgan. Kelgusida bu jarayon amalga oshiriladi”, — deya xulosa qildi Markaziy bank raisi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq joriy yilda Oʻzbekistonda 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi mumkinligi hamda Buxorodagi IES respublikamizning yagona elektr tarmogʻiga quvvat uzatishni boshlagani aytilgandi. Shuningdek, soʻnggi besh yilda qancha aholi xonadonlarining elektr taʼminoti yaxshilangani ochiqlangandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring