Markaziy bank Islomiy moliya kengashiga qoʻshildi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Islomiy moliyaviy xizmatlar Kengashiga aʼzo boʻldi. Bu haqida regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Kengash faoliyati islomiy moliya institutlarini tartibga solish va nazorat qilish boʻyicha xalqaro standartlarni ishlab chiqish, samarali korporativ boshqaruv mexanizmlari va risk-menejment tizimini joriy qilish, shuningdek, mazkur sohada kadrlar salohiyatini oshirish, tadqiqotlar olib borish hamda ushbu masalalarda Kengashga aʼzo tashkilotlarga koʻmaklashishga qaratilgan.
Mazkur tashkilotga aʼzolik boshqa mamlakatlar tajribasini oʻrganish va mamlakatimizda islomiy moliya institutlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish sohasida ilgʻor xalqaro tajribani joriy etish imkonini beradi, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun: Kengash 2002-yilda tashkil etilgan boʻlib, bosh ofisi Kuala-Lumpurda (Malayziya) joylashgan. Bugungi kunda Kengashning 188 aʼzosi, shu jumladan, 81 ta tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar, 10 ta xalqaro hukumatlararo tashkilot va 97 ta bozor ishtirokchilari hisoblanadi. Shuningdek, Kengashga Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston moliyaviy regulyatorlari ham aʼzo hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring