Markaziy bank boshqaruvining yigʻilishida asosiy stavka yillik 15 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi

14:42 15 Dekabr 2022 Iqtisodiyot
662 0

Markaziy bank boshqaruvining 2022-yil 15-dekabrdagi yigʻilishida asosiy stavka yillik 15 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi xabar berdi.

Jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida muvozanatlashuv kuzatilayotgan boʻlsa ham, ichki bozorda narxlarga boʻlgan bosimlar saqlanib qolmoqda. Aholi inflyatsion kutilmalari, umumiy inflyatsiyaning soʻnggi 3-4 oyda sezilarli oʻzgarmaganligi va ayni paytda bazaviy inflyatsiyaning oʻsuvchi trendi iqtisodiyotda “nisbatan qatʼiy” pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Bugungi yigʻilishda belgilangan asosiy stavka dinamikasidan kelib chiqib shakllanadigan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani keyingi yilgi prognoz darajasiga pasaytirishga zamin yaratib boradi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. Isteʼmol bozorlarida talab va taklifga taʼsir koʻrsatuvchi ichki va tashqi iqtisodiy omillar hisobiga narxlarga boʻlgan bosim yuqoriligicha qolmoqda.

Noyabr oyida yillik inflyatsiya surʼati 12,3 foizni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16,0 foizga oshgan boʻlsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 7,8 foizga qimmatlashdi.

Noyabr oyi natijalariga koʻra, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 15,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 14,3 foizni tashkil etgani holda oʻtgan oylar darajasida qolmoqda.

Shuningdek, yillik bazaviy inflyatsiya noyabrda 13,4 foizgacha tezlashib, uning umumiy inflyatsiyadagi hissasi 10,1 foiz bandgacha oshdi.

Ichki iqtisodiy sharoitlar. Ragʻbatlantiruvchi fiskal siyosat, tashqi iqtisodiy operatsiyalar hajmining sezilarli oʻsishi va iqtisodiyotga yoʻnaltirilgan kredit qoʻyilmalarining ortib borishi fonida iqtisodiy faollikda barqarorlik saqlanib qolmoqda.

Jumladan, iqtisodiyotning real sektori korxonalari oʻrtasida noyabr oyida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, iqtisodiy faollik indeksi 51,1 birlikni tashkil etdi.

2022-yilning yanvar-noyabr oylarida banklar tomonidan oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 21,7 foizga, xususan, uy xoʻjaliklariga 1,6 barobar koʻp kreditlar ajratildi.

Nafaqa va ish haqlarning oshirilishi hamda transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmlari oʻsishi, oʻz navbatida, savdo va pullik xizmat koʻrsatish sohasida pul tushumlari hajmini oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 32,5 foizga oʻsishiga omil boʻldi.

Umuman olganda, iqtisodiy faollikning ildamlovchi koʻrsatkichlari taklif omillarining salbiy taʼsirini inobatga olmagan holda IV chorakda ham iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlarini 5,5 foiz atrofida boʻlishini koʻrsatmoqda.

Tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuqori noaniqlik darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxlarida muvozanatlashuv kuzatilayotgan boʻlsada, ularning kelgusi dinamikasi boʻyicha xatar va noaniqliklar mavjud.

Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha eksport tushumlarida ham, import uchun toʻlovlarda ham oʻsuvchi tendensiyalar kuzatildi.

Eksport hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 23,3 foizga, import – 21,2 foizga va transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi 2,2 barobarga oshdi. Shuningdek, ushbu davrda banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi oʻrtasidagi ijobiy tafovut 2,8 mlrd. dollarga teng boʻldi.

Tashqi iqtisodiy aloqalarda kuzatilayotgan ushbu vaziyat, ichki valyuta bozorini muvozanatlashtirib, milliy valyuta almashuv kursi barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi, soʻmning AQSH dollariga nisbatan kursi yil boshiga nisbatan 3,5 foizga qadrsizlandi.

Pul-kredit sharoitlari. 2022-yil avgust-noyabr oylarida asosiy stavkaning oʻzgarishsiz qolishi hamda inflyatsiyaning kelgusi yilda kutilayotgan pasayuvchi dinamikasi iqtisodiyotda “nisbatan qatʼiy” sharoitlarni taʼminlashga xizmat qildi.

Banklararo pul bozorida oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari noyabrda 14,1 foizni tashkil etib, UZONIA indeksi kichik tebranishlar bilan toʻliq foiz koridori doirasida shakllandi.

Milliy valyutadagi muddatli depozitlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalarida ham biroz pasayish kuzatilib, oktyabr oyida jismoniy shaxslarniki boʻyicha 20,7 foizga va yuridik shaxslarniki – 16,7 foizga teng boʻldi.

Depozitlar bozoridagi ijobiy real foiz stavkalari milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmining joriy yilning oʻtgan 11 oyida sezilarli darajada oʻsishining (1,6 barobar) asosiy omillaridan boʻlmoqda.

Xatarlar va noaniqliklar. Yoqilgʻi taʼminoti bilan bogʻliq masalalar transport-logistika va tashish narxlarini oshirishi orqali tovarlar va xizmatlar narxlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Aholi daromadlarining, shu jumladan, mamlakatga pul oʻtkazmalarining yuqori oʻsish surʼatlari fonida iqtisodiyotda yalpi talab hajmidagi yuqori ijobiy surʼatlar, yalpi taklifdagi ayrim uzilishlar fonida inflyatsiyaga oshiruvchi bosim oʻtkazishi ehtimollarini yuzaga keltiradi.

Shu bilan birga, global iqtisodiy faollik va ehtimoliy retsessiya bilan bogʻliq xatarlarning saqlanib qolayotganligi, kelgusi yilda tashqi talabni kamaytiruvchi ahamiyat kasb etadi. Geosiyosiy tanglikning davom etishi esa tashqi moliya bozorlarida mamlakatimizning “xatar mukofoti”ning ortishiga olib kelishi mumkin. Ushbu omillar global moliyaviy sharoitlarning qatʼiylashib borishi fonida tashqi moliyalashtirish imkoniyatlarining qisqarish xavfini orttiradi.

Bunday sharoitda, ichki moliyaviy resurslardan samarali foydalanilishi va umumiy fiskal taqchillikning qisqartirilishi tashqi taʼsirlarni minimallashtirish imkonini beradi.

Oʻz oʻrnida, bazaviy inflyatsiyaning oʻsuvchi dinamikasi va uning umumiy inflyatsiyadagi hissasining oshib borayotganligi ichki iqtisodiyotda inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddatli xarakterga ega boʻlib borayotganligini bildiradi.

Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar taʼsirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlar sinchkovlik bilan oʻrganilib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrib boriladi.

Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi tayanch yigʻilishi 2023-yil 26-yanvar kuniga belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер