Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 28-yanvardagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi. Bu haqida regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, 2025-yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori darajada shakllangan va bu jarayonda barqaror yalpi talab omillari ustuvor boʻlgan.
“Omillari taʼsirida xizmatlar inflyatsiyasining nisbatan yuqori saqlanib qolishi, shuningdek, ayrim oziq-ovqat tovarlari narxlari oʻsishi umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayishiga muayyan xatarlar tugʻdirmoqda. Ushbu sharoitda pul-kredit siyosatining joriy qatʼiy darajada saqlab qolinishi inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida shakllanishini taʼminlaydi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Kelgusi choraklarda ham inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishda davom etgan taqdirda, tartibga solinadigan narxlar oʻzgarishidan kelib chiqib, pul-kredit sharoitlari qatʼiyligini saqlab qolgan holda asosiy stavkani pasayish tomonga koʻrib chiqish imkoniyatlari yuzaga kelishi ham qoʻshimcha qilingan.
2025-yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida shakllanib, yillik 7,3 foizgacha pasaygan. Inflyatsiyaning pasayishiga qatʼiy pul-kredit sharoitlari, almashuv kursining mustahkamlanishi va import narxlari taʼsirlarida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi hissa qoʻshgan. Xususan, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 5,7 foizgacha pasaygan.
Xizmatlar inflyatsiyasi maʼlum darajada sekinlashganiga qaramasdan, talab omillari taʼsirida umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar pasayish tendensiyasidan toʻxtab, dekabr oyida biroz oʻsishi qayd etilgan. Maʼlum qilinishicha, ushbu omillar inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish uchun pul-kredit sharoitlarini uzoqroq muddat qatʼiy saqlab qolish zarurligini koʻrsatadi.
Yangilangan prognozlarga koʻra, 2026-yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Yuqori investitsion faollik, fiskal xarajatlar va pul oʻtkazmalarining ortib borishi iqtisodiyotda daromadlar oʻsishi hamda isteʼmol talabini joriy yilda ham ragʻbatlantiruvchi omil boʻladi.
Bundan tashqari, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bogʻliq xatarlar hamda qish mavsumida taʼminotdagi uzilishlar kelgusi oylarda oziq-ovqat hamda xizmatlar narxlariga oshiruvchi taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar saqlanib qolishiga qaramasdan umumiy taʼsirlar nisbatan moʻtadil boʻlishi kutilmoqda. Asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflyatsiya pasayish trendiga oʻtdi, jahon iqtisodiyotida oʻsish surʼatlari kutilganidan yuqori shakllandi.
Shuningdek, qimmatbaho metallar narxlarining yuqori darajada oʻsishi kelgusida ham eksport tushumlari va byudjet daromadlari tarkibida salmoqli ulushga ega boʻlishi prognoz qilinmoqda. Ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifining eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul oʻtkazmalari subyektlarining qoʻllab-quvvatlanishi 2025-yilda soʻmning 6,9 foizga mustahkamlanishiga xizmat qilgan. Bu, import inflyatsiyasi bosimini kamaytirishga va dollarlashuv darajasini pasaytirishga yordam berdi hamda tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini kamaytirdi. Kelgusi oylarda ham tashqi sharoitlarning nisbatan qulay va real samarali almashuv kursi dinamikasini muvozanatli darajada shakllanishi boʻyicha kutilmalar mavjud.
Joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida yil yakuni boʻyicha iqtisodiy oʻsish surʼatlari 6,5-7 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Bank tizimida likvidlik profitsitining saqlanib qolishi fonida likvidlikni jalb qilish operatsiyalarini jadallashtirilishi pul bozori stavkalari asosiy stavkaga yaqin 13,5-13,8 foiz atrofida shakllanishini taʼminladi. Natijada, ijobiy real foiz stavkalar iqtisodiyotda milliy valyutadagi jamgʻarmalarni ragʻbatlantirib, pul-kredit sharoitlarini qatʼiylashtiruvchi omil boʻlib qolmoqda.
“Yuqori yalpi talab omillari xususan, fiskal ragʻbatlantirishlar hamda yuqori chakana kreditlash surʼatlari sharoitida asosiy stavkani joriy qatʼiy darajada saqlab qolish inflyatsion xatarlarni jilovlashga xizmat qiladi. Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani oʻrta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan boʻlib qoladi”, — deyiladi xabarda.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026-yil 18-mart kuniga belgilangan.
Asosiy stavka nima va u hayotimizga qanday taʼsir koʻrsatadi?
Asosiy stavka — Markaziy bankning boshqa tijorat banklariga qarz berish foizidir. Markaziy bank tijorat banklariga pulni aynan shu stavka asosida yetkazib beradi. Oʻz navbatida, tijorat banklari ushbu stavkadan kelib chiqib, aholiga kreditlar ajratadi yoki omonatlar qabul qiladi. Agar asosiy stavka 14 foiz boʻlsa, demak, banklar uchun pulning tannarxi shu darajadan boshlanadi.
Asosiy stavka qanday ishlaydi?
Asosiy stavka iqtisodiyotning “termostati” vazifasini oʻtaydi. Agar mamlakatda narx-navo haddan tashqari tez oʻsib ketsa (inflyatsiya kuchaysa), Markaziy bank stavkani koʻtaradi. Bu iqtisodiyotni “sovitish” uchun qilinadi: kreditlar qimmatlashadi, odamlar kamroq qarz oladi va koʻproq pul jamgʻarishga harakat qiladi. Natijada bozorda pul kamayib, narxlar oʻsishi sekinlashadi. Aksincha, iqtisodiyot sustlashsa, stavka tushiriladi — arzon kreditlar hisobiga tadbirkorlik va savdo-sotiq rivojlanadi.
Nima uchun asosiy stavka 14 foizda oʻzgarishsiz qoldirildi?
Bugungi kunda stavkaning 14 foizda oʻzgarishsiz qolishi iqtisodiyotda “oltin oʻrtalik”ni saqlashga intilishdir. Bu bir vaqtning oʻzida ham narxlarning keskin oshib ketishini jilovlaydi, ham banklardagi omonatlar daromadligini saqlab qoladi. 14 foizlik koʻrsatkich — bu pulni qadrsizlanishdan himoya qilish va iqtisodiy oʻsishni bir maromda ushlab turish uchun tanlangan ehtiyotkor yoʻldir.
Asosiy stavkaning oʻzgarmasligi oddiy inson uchun bir necha muhim xulosalarni beradi:
Birinchidan, milliy valyutadagi depozitlar hali ham foydali boʻlib qolmoqda. Banklar taklif qilayotgan 22-24 foizli omonatlar inflyatsiyadan sezilarli darajada yuqori daromad keltirishda davom etadi.
Ikkinchidan, kreditlar boʻyicha foizlar yaqin orada keskin tushmaydi, lekin keskin koʻtarilmaydi ham. Barqarorlik saqlanib qoladi.
Uchinchidan, bu qaror kundalik ehtiyoj mollari narxining keskin koʻtarilib ketmasligiga xizmat qiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, asosiy stavka — bu iqtisodiy barqarorlik kafolatidir. Uning 14 foiz darajasida saqlanishi mamlakatda pulning qadri va xarid qobiliyatini himoya qilishga qaratilgan eng muhim qadamlardan biridir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring