“Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasida uchrashuvlar

13:00 30 Sentyabr 2024 Jamiyat
438 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Respublikamiz boʻylab yil davomida oʻtayotgan “Maʼrifat ulashib” loyihasi yigit-qizlarning maʼrifatli jamiyat qurishga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, ulardagi ishtiyoqni kuchaytirish, iqtidorni yuzaga chiqarish kabi olijanob maqsadlarni koʻzda tutgan.

Loyiha doirasida navbatdagi tadbirlar Buxoro viloyati taʼlim dargohlarida tashkil qilindi. Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Amirqul Karimov va Zikrillo Neʼmat ishtirok etishdi.

— Buxoro azal-azaldan maʼnaviyat, maʼrifat goʻshasi boʻlib kelgan, — deydi shoir Zikrillo Neʼmat. — Kishini xursand qilgani shuki, bu asriy anʼanalar davom etayapti. Biz oʻzaro uchrashuv va muloqotlar davomida milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, oʻqib-oʻrganish, oʻzi tanlagan sohaning ustasi boʻlib yetishish orqali jamiyatimiz ravnaqiga hissa qoʻshishga ahd qilgan yoshlar koʻpligini koʻrdik. Ayniqsa, Buxoro davlat universitetida oʻtkazilgan tadbir maroqli kechdi.

Unda adabiyot va sanʼatga mehr qoʻygan, yurt taqdiriga befarq boʻlmagan yoshlar qatnashdi. “Maʼrifat ulashib” loyihasi ishtirokchilari oʻzlarining hamda taniqli ijodkorlarning ona yurt, Vatanga sadoqat, odamiylik, ezgulik, muhabbatni tarannum etuvchi sheʼrlardan oʻqib berishdi. Yurtimizda yosh avlodning taʼlim-tarbiyasi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr-mulohaza yuritishdi. Oʻz navbatida, iqtidorli talabalar ham oʻz ijod namunalaridan yod aytdi. Kechqurun talabalar turarjoyida tashkil etilgan “Gulxan atrofi”da madaniy-musiqiy kechasi ham uning ishtirokchilariga bir olam zavq-u shavq bagʻishladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер