Margʻilondan xorijga ipak matolari eksport qilinadi

15:32 13 Oktyabr 2023 Jamiyat
526 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyatining ipakchilar shahri Margʻilondagi pillani qayta ishlash va ipak mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Nurli tong silk” fabrikasida joriy yilda keng koʻlamli texnik va texnologik yangilash ishlari amalga oshirildi.

Fabrikada endilikda yiliga 300 tonnaga yaqin quruq pilla qayta ishlanib, 70 tonna ipak tolasi va ipak momigʻi tayyorlash imkoniyati yaratildi. Shu maqsadda Xitoydan 420 ming dollarlik zamonaviy ip yigirish dastgohlari olib kelib oʻrnatildi. Natijada tayyor ipakli mahsulotlar — ipak matolar ishlab chiqarish keng yoʻlga qoʻyilib, joriy yil yakuniga qadar qariyb 2,5 mln. dollarlik mahsulotlarni xorijga eksport qilish rejalashtirilmoqda.

— Ayni paytda korxonada 150 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlib, ularning asosiy qismini mahalliy xotin-qizlar tashkil etadi,—deydi Fargʻona viloyati “Agro pilla” MCHJ boshqaruvi raisi Maqsudjon Qosimov. —Keyingi yillarda viloyatda ipak matolari ishlab chiqarish sifati va salmogʻini jahon andozalari darajasida yoʻlga qoʻyish maqsadida Xitoy, Vetnam davlatlari tajribasini oʻrganib keldik.

Taʼkidlash oʻrinli, Fargʻona viloyatida joriy yilda ipakchilik sanoatida muhim xomashyo boʻlgan 2 ming 400 tonna pilla hosili yigʻishtirib olindi. Bugungi kunda viloyatdagi barcha qayta ishlash korxonalarida xom ipak va ipak momigʻi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, pillani chuqur qayta ishlash korxonalarini bosqichma bosqich jahon bozorlari talabiga mos ipak matolar ishlab chiqarishga oʻtkazish boʻyicha tizimli ishlar olib borilyapti.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер