Mard oʻgʻlonlar jasorati unutilmaydi

15:21 13 Yanvar 2023 Jamiyat
742 0

Foto: Xalq so‘zi

Vatan sajdagoh kabidir, uning har qarich yerini asrab-avaylash esa er yigit uchun sharafli burch. Burchiga sodiq boʻlib, yurt tinchligini saqlash, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan oʻgʻlonlarini xalqimiz hech qachon unutmaydi, ularning nomi mangu yashaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Termiz shahri va Jarqoʻrgʻon tumanlarida yashayotgan marhum harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari hamda faxriylar holidan xabar olindi. Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Qosimov, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻi, polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev, shuningdek, bir guruh davlat va jamoat tashkilotlari vakillari yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar Muhiddin Eshtemirov va Chori Shamiyev yashagan xonadonlarga tashrif buyurdi. Ular marhum oʻgʻlonlarning koʻrsatgan jasoratlarini yod etdi, oila aʼzolaridan koʻngil soʻradi. Shundan soʻng nafaqadagi harbiy xizmatchilar xonadonlarida ham boʻldilar. Mudofaa vazirining tegishli buyrugʻiga asosan ajratilgan moddiy yordam puli, bayram sovgʻalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

— Harbiy xizmat chogʻida jarohat olganman, — deydi nafaqadagi harbiy xizmatchi Shuhrat Qayumov. — Mudofaa vazirligi va mahalliy hokimlik vakillari muntazam holimdan xabar olib, moddiy va maʼnaviy yordam berishadi. Vatan himoyachilari kuni arafasida viloyatimiz rahbari hamda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻi, bir guruh faxriylarning xonadonimga kelganidan koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Eʼtibor va gʻamxoʻrlik jamiyatdan chetda emasligingni, insoniy qadr-qimmatingni yana bir bor his qilishingga turtki berarkan. Bularning barchasi uchun minnatdorman.

Ilhom Rahmatov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер