Maqom sanʼati butun dunyo eʼtirofida
Said Donishev/“Xalq soʻzi”. Zomin tumanidagi “Bogʻishamol” maskanida II Xalqaro maqom sanʼati anjumani doirasidagi “Maqom sanʼatining nazariy va amaliy asoslari: muammo va yechimlar” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini davom ettirdi. Unda Oʻzbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, AQSH, Kanada, Misr Arab Respublikasidan tashrif buyurgan yirik musiqashunos olimlar Shashmaqom turkumining shakllanishida Buxoro maqom maktabining ahamiyati, Ozarbayjon, turk, arab anʼanaviy qoʻshiqchiligi rivojida maqom sanʼatining oʻrni haqida fikrlar bildirildi.

— Ilmiy-amaliy konferensiyada “Arab anʼanaviy qoʻshiqchilik uslubining rivojlanishi: Muvashshah namunasi” mavzusida chiqish qildim, — deydi Qohira Badiiy akademiyasi qoshidagi Oliy sanʼat instituti assistenti Ashraf Abdulrahmon. — II Xalqaro maqom sanʼati anjumani nafaqat oʻzbek milliy maqom sanʼatining noyob namunalarini keng targʻib qilish, balki butunjahon maʼnaviyatining ajralmas bir boʻlagini asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz sanʼatga hurmat va eʼtibor tuygʻularini kamol toptirish, turli xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-maʼnaviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi.

Bugun ilmiy-amaliy konferensiya yakunlanib, “II Xalqaro maqom sanʼati anjumani” ishtirokchilari oʻrtasidagi koʻrik-tanlovlar davom etadi. Xalqaro hakamlar hayʼati tomonidan ishtirokchilarning chiqishlari baholab borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring