Maʼnaviyatchilarga “Cpark” va 25 million soʻm

17:08 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
2299 0

Qutlugʻ sana - 21-oktyabr kuni Fargʻona shahridagi Alisher Navoiy nomidagi xiyobon viloyat faollari, maʼnaviy-maʼrifiy soha jonkuyarlari, mehnat faxriylari, ijodkor-ziyolilar, talaba-yoshlar bilan gavjum boʻldi.

“Til bor ekan-millat barhayot” nomli bayram tantanasi debochasida viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev boshchiligida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qoʻyildi.

Erkin Vohidov nomidagi viloyat ijod maktabining isteʼdodli oʻquvchilari tomonidan mushoira tashkillandi. Bayram tadbirining asosiy qismi viloyat Teatr-konsert saroyida boʻlib oʻtdi. Dastlab tadbir ishtirokchilari bayramga tayyorgarlik jarayonlari, koʻp millatli xalqimizning oʻzbek tiliga hurmat va eʼtiborini aks ettirgan lavhalarni videokoʻrgazmalar orqali tomosha qildilar.

Shundan soʻng viloyat rahbari kirish soʻzida ona tilimizning mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida tutgan oʻrni, Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida tilimizning jamiyatdagi nufuzini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq Margʻilonda Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabining tashkil etilishi ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganishga zamin yaratganini eʼtirof etdi va yigʻilganlarni ona tilimizga ehtirom bayrami bilan tabrikladi.

Shundan soʻng viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshayotgan bir guruh jamoatchilik kengashi vakillariga ikki million soʻmdan pul mukofotlari tantanali taqdim etildi. Taniqli shoira, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Zuhra Aliyevaga 25 million soʻm pul mukofoti, Qoʻqon shahar tarixi va madaniyati Davlat muzeyi direktori Manzuraxon Mansurovaga “Spark” rusumli avtomashina kaliti tantanali topshirilishi Fargʻonada maʼnaviy-maʼrifiy soha xodimlariga eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaldagi ifodasi boʻldi.

Bayram kechasida fargʻonalik taniqli shoirlar yangi ijod namunalaridan oʻqishdi. Viloyatimiz sanʼat ustalari tomonidan teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi. Kechaga tashrif buyurgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, dublyaj ustasi Behzod Muhammadkarimov Zahiriddin Muhammad Bobur obrazini sahnada ijro etib, tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi.

Bayram tantanalarining ilmiy-amaliy qismi Fargʻona Davlat Universitetida davom etdi. “Filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Qirgʻiziston, Tojikiston respublikalarining Oʻsh va Xoʻjand universitetlari, Fargʻona shahridagi Koreya Xalqaro Universiteti filiali professor oʻqituvchilari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi. Anjumanda oʻzbek tilimizning qardosh xalqlari tillari bilan oʻxshash xususiyatlari, tarixiy ildizi, zullisonayn ijodkorlar haqida soʻz yuritildi. Oʻzbek tilining ilmiy-nazariy asoslari keng tahlil etildi.

Ilmiy-amaliy anjumanda tilshunoslik, adabiyotshunoslik, oʻqitishning dolzarb masalalari yoʻnalishlarida shoʻba yigʻilishlari oʻtkazildi.

–Bugungi anjuman ikki millat doʻstligi azaliy anʼanalarining davomiyligining ifodasi boʻldi, – deydi Xoʻjand Davlat universiteti dotsenti Sharifjon Tojiboyev. – Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf xos Hojib qalamiga mansub qadimiy qoʻlyozma yodgorliklari tojik millatining faxridir. Bugungi kunda ikki millat oʻrtasida oʻzaro hamjihatlik oʻzbek va tojik tilining rivojiga munosib hissa qoʻshadi.

Elyorjon EHSONOV,

“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер