Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning bosh mezoni tarbiyadir
Illyustrativ foto
Prezidentimizning 2019-yil 3-maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning taʼsirchanligini oshirish, maʼnaviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi hamkorligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbar xodimlari ishtirokidagi brifingda bu haqda soʻz bordi.
- “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida jamiyatda uzluksiz maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning strategik yoʻnalishlari, taʼsirchan, kreativ va innovatsion uslublarini ishlab chiqishga harakat qilyapmiz, — deydi markaz rahbari Alisher Qodirov. — Mavjud muammolarga yechim topishda ular ilmiy tahlil qilinmoqda, xalqaro tajriba ham oʻrganilyapti.
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning bosh mezoni tarbiyadir. Shu maqsadda, markaz tomonidan “Yosh ota-ona” nomli qoʻllanma ishlab chiqildi. Zero, tarbiyaning ilk bosqichi oilada shakllanadi. Ammo ayrim yosh ota-onalar tarbiyaning asl mohiyatini tushunmasligi ham bor gap. Shu bois ularning bilim va salohiyatini muntazam oshirib borish lozim.
Tadbirda maktabda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida oʻquvchilarga tarbiyaviy soatlarni matematika, fizika yoki boshqa fan oʻqituvchilari emas, balki aynan oʻz mutaxassislari oʻtishi lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, tadbirda aholining maʼnaviy-maʼrifiy bilimini oshirish boʻyicha 20-25 ta savoldan iborat onlayn va oflayn soʻrovnomalar oʻtkazilishi qayd etildi.
Yulduz OʻRMONOVA (“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring