Mamlakatimizda Qozogʻiston tibbiyoti kunlari ochildi

12:24 21 Noyabr 2019 Jamiyat
1133 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Qozogʻiston tibbiyoti kunlari ochildi. Ushbu tadbir mamlakatimizda Qozogʻiston yili doirasida tashkil etilmoqdi. Unda Qozogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri, tibbiyot fanlari doktori Yeljan Birtanov boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashmoqda.

Taʼkidlash joizki, 2018-yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilinishi ikki tomonlama munosabatlarga yangi surʼat, sifat va mazmun bagʻishladi. Natijada qoʻshni mamlakat bilan tibbiyot, madaniyat, sanʼat, adabiyot, fan, turizm va boshqa koʻplab sohalarda izchil hamkorlik olib borilmoqda. Bunday doʻstona tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida 2019-yil Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili deb eʼlon qilindi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Joriy yilning avgust oyida Qozogʻiston Respublikasi delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurib, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda birlamchi tibbiy yordam, majburiy tibbiy sugʻurta, tibbiy yordamni raqamlashtirish va tibbiy turizmni rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu muloqotda joriy yil noyabr oyida Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida Qozogʻiston tibbiyot kunlarini oʻtkazishga kelishib olingan edi.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik yil sayin rivojlanib bormoqda. Xususan, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish borasida muayyan kelishuvlarga erishildi. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi “Oʻzbek farmatsevtika mahsulotlarini Qozogʻistonda “in-bulk” tamoyili asosida ishlab chiqarish” loyihasini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, yurtimizdagi “Dentafill plyus” xususiy korxonasi Qozogʻistonning “Antustik” industrial iqtisodiy zonasi maʼmuriyati bilan hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Har yili hamkorlikda tibbiyot sohasidagi oliy oʻquv yurtlari shifokorlari va talabalari uchun bir qator dasturlar ham amalga oshirilmoqda. Tibbiyotning yuqori malakali mutaxassislari ishtirokida tajriba almashish doirasida oʻzaro oʻquv safarlari tashkil etilayapti.

Qozogʻiston tibbiyot kunlari doirasida ushbu mamlakat delegatsiyasining sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi qiziqarli taqdimotlari boʻlib oʻtmoqda. Mazkur delegatsiya tarkibiga neyroxirurgiya, bolalar kardiojarrohligi, ginekologiya, nevrologiya, reproduktologiya, urologiya, travmatologiya va ortopediya, terapiya va hujayra texnologiyasi, yadroviy tibbiyot va radiatsiya diagnostikasi, buyrak va jigar transplantatsiyasi kabi qator yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar, shuningdek, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari hamda farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari tashrif buyurishgan.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining faoliyati va yutuqlari aks etgan stentlar esa mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.

Tadbir doirasidagi boʻlib oʻtadigan sessiyalar davomida ikki mamlakat mutaxassislari tibbiyotning turli sohalarida yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlarni joriy etish, bu borada zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash, sogʻliqni saqlashni raqamlashtirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sifatini yaxshilash masalalarini atroflicha muhokama qiladilar.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Har ikki davlatning tibbiyot oliy oʻquv yurtlari, ilmiy va ixtisoslashgan tibbiyot markazlari oʻrtasida qator memorandumlarni imzolash marosimi ushbu tadbirning muhim voqealaridan biri boʻlishi shubhasiz. Ushbu hamkorlik kelgusida shifokor va talabalarning oʻzaro tajriba almashishi, tibbiyot sohasida diagnostika va davolashning innovatsion usullarini joriy etishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi.

Qozogʻiston tibbiyoti kunlari doirasida delegatsiya aʼzolari mamlakatimizdagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida boʻlib, oʻquv jarayoni, yurtimizda kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolashning zamonaviy innovatsion usullarning qoʻllanilishi bilan yaqin tanishishlari ham rejalashtirilgan.

Qozogʻiston tibbiyoti kunlari 22-noyabrga qadar davom etadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер