Mamlakat hayotiga doir muhim qonun loyihalari muhokamasi

13:50 20 Dekabr 2022 Jamiyat
539 0

Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda dastlab “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Mazkur hujjat bilan Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari, Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari parametrlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida olinadigan davlat qarzining cheklangan xajmlari belgilanmoqda.

Shuningdek, loyihada byudjet sohasiga oid quyidagi oʻzgarishlar nazarda tutilyapti. Xususan, birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga oʻzlarining joriy xarajatlarini mustaqil qayta taqsimlash vakolati berilmoqda.

Kichik va oʻrta biznes rivojlanishini ragʻbatlantirish maqsadida tovar aylanmasi 1 mlrd. soʻmdan oshgan kichik biznes toifasiga kiruvchi tadbirkorlar uchun 1 yil davomida foyda soligʻi stavkasini 2 baravarga pasaytirish nazarda tutilmoqda.

Muhokamalar davomida fraksiya aʼzolari qonun loyihasining har bir moddasini sinchiklab tahlil qilar ekan, partiya maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda oʻz takliflarini bildirdi. Shuningdek, ayrim masalalarda hukumat vakillaridan izoh soʻrashdi.

— Davlat byudjeti mamlakatning pul daromadlari va xarajatlari roʻyxatini oʻzida ifodalovchi asosiy moliyaviy hujjat boʻlib, uning ochiq va shaffof boʻlishi yurt rivoji, jamiyat qurilishini takomillashtirish, islohotlar samaradorligiga erishishda muhim oʻrin tutadi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov. — Shu bois, byudjet maʼlumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablagʻlarining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Yigʻilishda “Isteʼmol kreditini ajratish tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizgʻin kechdi.

Ushbu qonun loyihasi bilan xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar va isteʼmolchi-fuqarolar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy isteʼmol kreditidan foydalanish mexanizmi qaytadan koʻrib chiqilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimiz aholisining taʼlim olish, mehnat qilish hamda turmush sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida ularni isteʼmol tovarlari bilan toʻlaqonli taʼminlashga xizmat qiladi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan qizgʻin muhokama qilinib, hujjatdagi ayrim normalarni takomillashtirish boʻyicha asosli takliflar berildi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng, deputatlar qonun loyihasining bugungi kundagi zarurati va ahamiyati, unda belgilanayotgan normalar partiya saylovoldi dasturidagi maqsad va vazifalarga hamohang ekanligini eʼtiborga olib, uni qoʻllab-quvvatladilar.

Majlisda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер