“Malika” savdo majmuasidan qariyb 6 mlrd soʻmlik mahsulot olib, pullarini oʻzlashtirgan yigit qamaldi
Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
Toshkent shahridagi “Malika” savdo majmuasida joylashgan doʻkonlardan 5,8 mlrd soʻmlik mahsulot olib, pullarni sarflab yuborgan 22 yoshli yigit qamaldi.
Maʼlum boʻlishicha, 2002-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan S.U. 2024-yilning iyul-avgust oylarida 11 nafar sotuvchidan qiymati 5 mlrd 800 mln soʻmdan oshiq boʻlgan 300 dan ortiq telefonlarini boʻlib toʻlash sharti bilan olgan.
Shundan soʻng u mazkur telefonlarni oʻzi topgan mijozlarga sotib yuborgan va pullarni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatgan.
Joriy yilning 30-yanvar kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida yuqoridagi holat yuzasidan ayblanuvchiga nisbatan ish koʻrib chiqilgan. Sudda S.U. aybiga toʻliq iqror boʻlib, yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash uchun imkoniyati yoʻqligini aytib, yengillik soʻragan.
Sudlanuvchi Jinoiy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan aybli deb topgan va unga 8-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Shuningdek, S.U.dan yetkazilgan zarar undirilishi belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring