Malakali mutaxassislarga ehtiyoj bor. Uning echimi qanday bo’ladi?
O’tgan davr mobaynida Andijon viloyatining 9 ta tumanida xalq bilan olib borilgan uchrashuvlar jarayonida minglab muammolar bartaraf etildi. Ayni paytda xalq vakillari Andijon tumanida iqtisodiy infratuzilmani va tadbirkorlikni rivojlantirish, moliya-kredit tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash, savdo hamda maishiy xizmat ko’rsatish sifatini oshirish, ichki turizmni shakllantirish masalalarini tahlil qilmoqdalar.
— Avvalgi muloqotlarda faqat muammolarga duch kelgan bo’lsak, endilikda ibratli jihatlar ham ko’zga tashlanmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati To’lqinjon Karimov. — Masalan, Naymanobod mahallasini olaylik. Respublikamizda davom etayotgan tub islohotlar jarayoni mahalladoshlarni tashabbuskorlikka undagani quvonarli, albatta. Ular o’z kuchi bilan mahalla fuqarolar yig’ini binosini qurib bitkazibdilarki, natijada bu erda militsiya tayanch punkti, mo’’jazgina kutubxona, savdo shoxobchalari faoliyat yuritayapti. To’g’ri, mahalladoshlarning imkoni etmaydigan, chunonchi, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti bilan bog’liq masalalar ham mavjud. Ayni paytda ushbu vazifalarning bajarilishi yuzasidan zarur choralar ko’rilmoqda.
Parlament a’zolari tadbirkorlik faoliyatidagi muammolarni ham mufassal o’rganishmoqda. Jumladan, aksariyat korxonalarda mutaxassislar masalasi dolzarb ekanligi aniqlandi. Misol uchun, “Zamin Bio Health” insulin ishlab chiqarish korxonasida zamonaviy texnik qurilmalarni boshqaruvchi mutaxassislar etishmaydi. Korxona rahbarlari ishchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish orqali bu muammoning echimini izlamoqdalar. Shu bilan birga, hududdagi kollejlarda mutaxassislik yo’nalishlarini to’g’ri tashkil etish zaruratiga ham e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, tumanda ichki turizmni rivojlantirish, ziyorat maskanlarini obodonlashtirish maqsadga muvofiqligi o’rganishlarda ayon bo’ldi. Xalq vakillari ana shulardan biri — Mehmon Valiy ziyoratgohidagi holat bilan tanishdilar. Adirlik tepasidagi bu maskanga eltuvchi yo’l barpo etish, qurilish va obodonlashtirish ishlarini tashkil qilish dolzarb ekani ta’kidlandi hamda bu bo’yicha zarur choralar belgilandi.
Shu o’rinda qayd etish joiz, deputatlar aholi bilan uchrashuvlari mobaynida tumanning 77 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 264 ming 810 nafar fuqaro bilan muloqotda bo’ldilar.
Saminjon HUSANOV,
«Xalq so’zi» muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring