Malakali kadrlar tayyorlashda ayni muddaodir
Prezidentimiz tomonidan yaqinda imzolangan “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror hozirgi pandemiya sharoitidagi muhim hujjat boʻlishidan tashqari, sohada olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi boʻli.
Gap shundaki, keyingi yillarda tizimda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga qaramay, haliyam muammolar saqlanib qolmoqda. Masalan, hozirgi paytda mamlakatimizda 11 mingdan ziyod shifokor yetishmayotgani, shu sababli tibbiyot muassasalari aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsata olmayotgani ayni haqiqat. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligiga topshirilgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishining maqsadli qabul kvotasi 20 foiz, maqsadli magistratura 10 foiz, klinik ordinatura kvotasi esa 15 foizga oshirilib, yuqori malakali tibbiyot kadrlariga katta talab mavjud boʻlgan hududlar uchun kvotalarni davlat grantlari asosida ajratish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.
Prezidentimizning shu yil 24-yanvar kuni parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida ham sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish masalalari diqqat markazida boʻldi. Ayniqsa, shifokorlarning jamiyatdagi oʻrni va maqomini kuchaytirish, mavqeyini mustahkamlash, ularga hurmat-izzat koʻrsatish, munosib mehnat sharoiti yaratish, ish haqini oshirish, moddiy-maʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrilishi, shu jumladan, gematologiya, virusologiya, immunologiya sohalari, dori-darmon va tibbiyot texnikasi uchun ajratiladigan mablagʻlarni koʻpaytirish lozimligi alohida aytilgan edi. Muhimi, oʻtgan davrda bu yoʻnalishda ham muayyan ishlar boshlab yuborildi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori tizimda olib borilayotgan shu kabi saʼy-harakatlarni yana bir pogʻana yuksaltirishga qaratilgani bilan ham qimmatli va ahamiyatlidir. Zero, unga koʻra, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab mamlakatimizdagi 47 ta tibbiyot kolleji negizida Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari tashkil etiladigan boʻldi. Bu bilim yurtlarining moddiy-texnika bazasi zamonaviy vositalar asosida yana-da kuchaytirilib, amaliyot xonalari belgilangan normativlarga mos jihozlanadi va oʻquv-simulyatsiyaviy auditoriyalar tashkil etiladi.
Mamlakatimizda hali u qadar ommalashmagan valeologiya, tibbiy psixologiya, nutritsiologiya, diyetologiya, farmakologiya, kineziologiya, reabilitologiya, profpatologiya fanlari oʻquvchilarga chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi, oʻquv rejalari va fan dasturlari ham ilgʻor xorijiy tajribalar va xalqaro amaliyotdan kelib chiqib joriy etiladi.
Yana bir oʻziga xos yangilik shundan iboratki, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yili Davlat dasturiga hamohang holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng imkoniyatlaridan foydalanib, texnikumlarda yetakchi tibbiyot oliy taʼlim muassasalari yuqori malakali professor-oʻqituvchilari masofaviy mashgʻulotlar oʻtib borishadi.
Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga oʻz sohasiga mos tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali ikkinchi kursdan oʻqishini davom ettirish huquqi berilayotgani esa tibbiy taʼlim sohasida joriy etilayotgan eng katta yangiliklardan biridir.
Qarorda tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining davolash ishlari boʻyicha prorektorlari bir vaqtning oʻzida ushbu oliy taʼlim muassasasi klinikalarining bosh shifokorlari hisoblanishi belgilab qoʻyilmoqda. Bu esa talabalarning oʻrgangan nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllab koʻrish imkoniyatlarini oshiradi va kelgusida boradigan ish joylarida tayyor tajribali mutaxassis sifatida hech ikkilanmay ish boshlashiga mustahkam zamin yaratadi.
Dilorom TOSHMUHAMEDOVA,
Oliy Majlis Senatining
Yoshlar, madaniyat va sport masalalari
qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring