Malayziyalik sayyohlar Oʻzbekistonda koronavirus tarqatgani haqidagi gap-soʻzlar rostmi?
Foto: www.google.com
Ijtimoiy tarmoqlarda Malayziyadan koronavirusga chalinib kelgan sayyohlar Oʻzbekistonda bu kasallikni boshqalarga tarqatgani toʻgʻrisida maʼlumotlar paydo boʻldi. Vaziyatga aniqlik kiritish uchun “Kun.uz” sayti Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan bogʻlandi:
– Chindan ham Malayziyadan 27 kishilik sayyohlar guruhi 13-mart kuni Oʻzbekistonga kirib kelgan va ular Toshkent, Qarshi, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarida boʻlishgan. 18-mart kuni ular poyezdda Samarqanddan Toshkent tomon kelayotgan paytlarida mehmonlardan birida kasallikka xos belgilar – tana harorati oshishi, tomoq ogʻrigʻi, umumiy holsizlik kuzatilgan.
Bu boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligiga xabar berilganidan soʻng shifokor va epidemiologlardan iborat maxsus guruh ularni kutib olgan. Bemor 18-mart kuni soat 20:00da “Toshkent” vokzalidan zudlik bilan Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasida tibbiy nazorat uchun yotqizilgan.
Vagonda boʻlgan 26 nafar Malayziya fuqarolari maxsus ajratilgan joyda karantinga yotqizildi va ulardan ham tekshirish uchun namunalar olindi.
Shukrki, u bemorga koronavirus yuqqanligi tasdiqlanmadi, qolgan 26 nafar mehmonda ham bu kasallik aniqlanmadi. Shundan soʻng bugun tongda barcha mehmonlar oʻz yurtlariga kuzatib qoʻyildilar.
Malayziyalik mehmonlar shifokorlarimizning ularga koʻrsatgan eʼtiboridan, barcha chora-tadbirlar oʻz vaqtida va tartib bilan oʻtkazilganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar hamda jarayonda ishtirok etganlarni xalqaro aloqalar qayta tiklanganidan soʻng oʻz yurtlariga borishga taklif etdilar – dedi vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi rahbari Furqat Sanayev.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring