Maktablarda elektron kutubxonalar

18:28 03 Aprel 2019 Jamiyat
3114 0

Foto: Rahmonjon Mamadaliyev.

Mamlakatimizda bahor va yasharish bayrami — Navroʻz ayyomi nishonlanayotgan kunlarda Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi 47-umumtaʼlim maktabi jamoasi ajoyib tuhfaga ega boʻldi. Oʻzbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari bu yerdagi kompyuter sinfida Q-Box qurilmasini oʻrnatdilar va ishga tushirdilar. Endi mazkur maʼrifat maskanidagi 15 dan ziyod kompyuterlarning barchasida Wi-Fi tizimi shaklida ishlaydigan maʼlumotlar bazasi hamda taʼlim dasturlaridan foydalanish mumkin.

Maʼlumki, ushbu qurilmadan istalgan joyda, hatto eng olis va chekka hududlarda ham foydalanish mumkin. Ustiga ustak, undagi maʼlumotlarni nafaqat lokal tarmoqda, balki smartfon, planshet, noutbuk orqali ham oʻqisa boʻladi. Chunki u oʻzi oʻrnatilgan joyda 180 metr radiusda axborot uzata olish qobiliyatiga ega.

— Mutaxassislarimiz bu loyihani ishlab chiqishga oʻtgan yil boshida, davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyati faollari yigʻilishidagi maʼruzasida masala koʻtarilgandan soʻng kirishgandilar, — deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimi Rustam Barnoyev. — Oʻshanda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan taʼlim jarayonida yanada kengroq foydalanish haqida gap borgandi. Dastlab Xitoy Xalq Respublikasida yuzta Q-Box qurilmasi sotib olindi. Ularning birinchi turkumi mamlakatimizning eng Janubiy mintaqasidagi maktablarga oʻrnatildi va hozir ishlab turibdi. Ayni paytda mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bu ish davom etmoqda. Mazkur yangilik joriy etilgan joylarda internet yordamisiz juda katta hajmdagi axborotdan foydalanish mumkin.

Maktab oʻquvchilari va pedagoglariga taqdim etilayotgan maʼlumotlar bazasi juda rang-barang. U maxsus ishchi guruhi tomonidan tasdiqlangan hamda milliy qadriyatlar nuqtai nazaridan tekshirib koʻrilgan. Bu yerda ingliz, rus, fransuz, nemis, koreys, xitoy va boshqa qator tillarni interfaol usulda oʻrganish kurslari joylashtirilgan. Shuningdek, tarjimonlik hamda boshqa oʻquv kurslari ham mavjud. Bundan tashqari, umumtaʼlim maktablarining barcha sinfi uchun turli tillarda chiqarilgan darsliklarning elektron nusxalari ham bor.

Yana bir eʼtiborli jihati — Q-Box orqali Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada saqlanayotgan 88 ming jilddan ziyod adabiyotlar bilan ham tanishsa boʻladi.

Ushbu qurilma hozircha Namangan viloyatining yettita bilim maskaniga oʻrnatildi.

Nurbek Abdullayev (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер