Maktabga Gyote nomi berildi

20:49 15 Yanvar 2019 Jamiyat
2321 0

Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 60-ixtisoslashtirilgan maktabga Iogann Volfgang fon Gyote nomi berildi. Ushbu maktabda nemis tili chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi.

— Germaniyaning xorijdagi maktablari Markaziy boshqarmasi va Gyote instituti Toshkent filiali bilan “Maktablar: kelajak hamkorlari” loyihasi doirasida keng koʻlamli hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz, — deydi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov. — Har yili yurtimizdagi nemis tili oʻqituvchilari uchun turli seminar va treninglar tashkil etilmoqda, ular Germaniyada malaka oshirish kurslari va seminarlarda qatnashishyapti. Poytaxtimizdagi 60-ixtisoslashtirilgan maktabga Gyote nomi berilishi bu boradagi hamkorlik aloqalarimizni yanada mustahkamlaydi.

Qayd etish joizki, mamlakatimizda 2018/2019 oʻquv yilida oʻtgan oʻquv yilidagiga nisbatan nemis tili dars sifatida oʻqitiladigan maktablar soni 54 taga (jami 1677 maktab), nemis tili chuqurlashtirilgan holda oʻrgatiladigan ixtisoslashtirilgan maktablar soni esa 4 tadan 9 taga oshdi.

Yulduz OʻRMONOVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер