Maktab oʻquvchisini talonchilik “qurboni” boʻldi
“XALQ SOʻZI ONLINE”. Temur Eshboyev/Navoiy. Navoiy shahar IIBga shahardagi 13-maktab oʻquvchisi M. R. murojaat qilib, Navoiy koʻchasi 58-uy yonida nomaʼlum shaxs “Samsung G-3” rusumli qoʻl telefonini zoʻrlik ishlatib tortib olganligini maʼlum qildi.
Shahar IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida talonchilik bilan shugʻullangan shaxs aniqlanib qoʻlga olindi. U Karmana tumani 1998 yilda tugʻilgan, “Oʻzbekiston” MFY istiqomat qiluvchi fuqaro boʻlib chiqdi.
“Bu fuqaro 2018 yil 22 fevralda Jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilib, 3 yil 3 oy 15 kun muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, u 2018 yil 6 may kuni shahar sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 moddasi 3-qismi bilan aybli, deb topilib 12 million 831 ming soʻmlik jarima jazosi tayinlangan”, - deydi viloyat IIB matbuot xizmati rahbari Oʻktam Usmonov.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166 moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, uning shunga oʻxshash jinoyatlarga daxldorlik holatlari surishtirilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring