Makonimiz — Oʻzbekiston, zamonimiz – mustaqillik

13:36 29 Avgust 2020 Siyosat
2456 0

Bu yorugʻ olamda gʻoyat buyuk tushunchalar, muqaddas milliy va umuminsoniy qadriyatlar benihoya bisyor. Biroq ular orasida uch ulugʻ tushuncha – Xalq, Vatan, Davlat tushunchalari alohida ahamiyatga molik. Ularni bir-biridan ayro holatda tasavvur qilish nihoyatda mushkul. Xalq boʻlmasa Vatan va davlat atamalariga hech qanday ehtiyoj qolmaydi. Ona Vatan boʻlmasa xalq qaysi makonda davlatni barpo eta oladi? Xalq va Vatan mavjud boʻlgani holda uning mustaqil davlati boʻlmasa-chi, bunaqa el-yurtning bagʻri butun emas, yarimtaligicha qolaveradi.

Allaqachon moziyga aylanib ulgurgan XX asr siyosiy nuqtayi nazardan qaraganda butun yer yuzi miqyosida milliy davlatlarning tashkil topish davri boʻlganini bugun hech kim hech qanday dalillar bilan inkor eta olmaydi. Oʻtgan asrning oxiriga kelibgina ona Vatanimiz – Oʻzbekiston ham ushbu tarixiy jarayonga toʻla-toʻkis qoʻshildi – oʻzining buyuk milliy istiqloliga erishdi.

Toʻgʻri, 1991-yilning 31-avgustiga qadar ham xalqimiz, elimiz bor edi. Qadimdan dastlab Turon, Movarounnahr, Turkiston, keyin Oʻzbekiston deb atalgan ulkan hudud mavjud edi. Demak, Vatan bor edi, faqatgina xalqning qoʻlida oʻz milliy davlati yoʻq edi. Boshida davlati yoʻq xalqning peshonasi shoʻr, turgan gapki, baxti ham shunga yarasha yarimta boʻlishini, oʻz-oʻzidan, noni ham, nomi ham butun boʻlmasligini oʻzingiz ham yaxshi bilasiz. Axir, oʻz ona Vataning boʻlsayu, unga oʻzing egalik qilolmasang, xalqing, eling boʻlsayu, yurak yutib, baland ovoz bilan “xalqim” deyolmasang.

Ota yurtingning madhiyasini ham tong saharda uyqudan uygʻonishing bilanoq, oʻzingdan butunlay boshqa bir el-yurtga qarata, yurtingning bosh qoʻshigʻi sifatida kuylab, yetti bukilib, bor ovozing bilan quyuq salom berib, unga yaltoqlanishdan boshlasang... Buni oʻsha zamonda yashagan vatandoshlarimiz yaxshi eslaydilar.

Birgina misol. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning elda mashhur “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobidan oʻrin olgan “Oʻzbek ishi”da shunday bitiklar bor: “Osmon baravar rejani berdilar. – Bajarasan! – dedilar. – Bajarolmayman, – dedi. – Bajarasan!! – dedilar. – Bajarmayman!! – dedi. – Qamalasan!!! – dedilar. Bajardi... Bola-chaqasi koʻp edi... Orden berdilar... Rejani oshirib bajarganligi uchun... Keyin... qamadilar... Qoʻshib yozgani uchun... Bola-chaqasi koʻp edi...” Bilasiz, falsafa fanida “makon” va “zamon” tushunchalari mavjud. Bu tushunchalarni oʻzaro bir-biridan ayro talqin qilish, anglash nihoyatda mushkul. Chunki har qanday makonga muayyan bir zamonning nuqtayi nazaridan qaraladi va aksincha – har qanday zamon muayyan bir makonda izchil yoki turli talotoʻplar bilan kechadi. Aynan shu nuqtayi nazardan qaraganda, bizning makonimiz – Oʻzbekiston, zamonimiz – Mustaqillik.

Shu makon ham, shu zamon ham – oʻzimizniki, barchamizniki. Har birimiz ushbu yorugʻ olamda toki hayot ekanmiz, shu ikki benihoya ulugʻ va buyuk tushunchaga hamisha bevosita daxldor boʻlib qolaveramiz. Shuni unutmasligimiz kerakki, hozirga qadar mashaqqatli va tinimsiz mehnatlar evaziga erishgan gʻoyat buyuk yutuqlarimizga butunlay mahliyo boʻlib qolib, bu muvaffaqiyatlar qanday benihoya murakkab kurashlar evaziga qoʻlga kiritilgani va kiritilayotganini, ular xalqimizdan naqadar ulkan sabr-toqat, buyuk maʼnaviy jasorat, matonat talab qilgani va qilayotganini yodimizdan chiqarmasligimiz darkor. Mustaqilligimiz abadulabad boʻlsin!

Zafar XUDOYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер