Mahalliy Kengashlar bilan hamkorlik kuchaytirilmoqda

13:58 01 Noyabr 2023 Siyosat
415 0

Joriy yilning 20-oktabr kuni Senatda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha doimiy komissiyalari raislari uchun seminar tashkil etildi.

Unda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi aʼzolari, mahalliy Kengashlarning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha doimiy komissiyalari raislari, mahalliy Kengash deputatlari, OAV vakillari va Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari ishtirok etdi.

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida hamda “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning chinakam “ovoziga” aylantirish maqsadi belgilangan.

Bunda Oliy Majlis Senatining mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga koʻmaklashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishdagi roli muhimdir. Ayniqsa, aholi tomonidan qonunchilikda belgilanganidek har chorakda masʼullarning hisobotlarini eshitish tartibining amalda taʼminlanishi ustidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari nazorati institutini joriy etish ustuvor maqsadlardan biri hisoblanadi.

Xususan, prokuratura organlari faoliyatini tahlil qilib borish, qonunlarning joylarda qoʻllanishi yuzasidan prokuratura organlari tomonidan nazoratni muhokama etish kabi masalalar muhim oʻrin tutadi. Shu nuqtai-nazardan mahalliy Kengashlar tomonidan hududiy prokurorlarning hisobotlarini eshitish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida»gi va “Prokuratura toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Senat Qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy tavsiyalar muhokama qilindi.

Unda hududiy prokurorlar hisobotini eshitishning tartibi, muddatlari, mahalliy Kengashlarning bu jarayonda qanday masalalarga eʼtibor berishlari lozimligi hamda oʻziga xos boshqa xususiyatlari muhokama qilindi. Ayni shu masalada ishtirokchilar tomonidan fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.

Seminarda mahalliy Kengashlarda hududiy prokurorlarning hisobotlarini eshitishda prokuratura organlari faoliyati ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish, hududlarda qonun ustuvorligi va qonuniylikni, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash samaradorligini yanada oshirishga eʼtibor qaratildi.

Tadbir yakunida mahalliy Kengashlarga metodik yordamni tizimli tashkil etish, qonunlarni deputatlar va ekspertlar tomonidan kengroq muhokama qilishni yoʻlga qoʻyish hamda kelgusida ushbu hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер