Mahalliy Kengash deputatlari ham islohotlarda faol
Bugun mahalliy Kengashlardagi deputatlar aholi murojaatlarini doimiy kuzatib, islohotlarda faol ishtirok etishmoqda. Oʻz saylovchilari bilan uchrashib, aholining kundalik muammolarini bartaraf etishga intilmoqda.
Xalq deputatlari Muzrabot tumani Kengashi deputati D.Joʻrayeva saylov okrugidagi “Bodomzor” mahallasida boʻlganida aholi taʼmirtalab ichki yoʻllar masalasini oʻrtaga tashlagan edi. Deputat ushbu masalani atroflicha oʻrganib, mutasaddilarga deputatlik soʻrovini joʻnatdi. Ushbu masalani tuman Kengashi sessiyasigacha koʻtarib chiqdi. Natijada deputat tashabbusi bilan mahalladagi Sariosiyo koʻchasining 2 km 900 metr va Markaz koʻchasining 1 km 300 metr masofa qismi asfaltlandi. Shu bilan birga, 2,6 km hududda beton ustunlar va zamonaviy elektr kabellari oʻrnatildi.

Shuningdek, deputat saʼy-harakati bilan mahallaga tutash “Yangi diyor” mahallasida 100 mln soʻmlik loyiha asosida 350 metr piyodalar yoʻlakchasini qurilish loyihasi tumani hokimi va mahalliy Kengash raisi tomonidan tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
— Deputat tashabbusi va mahalliy Kengashning faolligi mahallalar hayotida aniq natijalar bermoqda, — deydi “Yangi diyor” MFY raisi J.Shobirov. — Temir yoʻl kesishmasi orqali oʻtish aholiga, ayniqsa, maktab oʻquvchilariga ancha yillardan buyon qiyinchiliklar tugʻdirib kelayotgan edi. Bu yoʻlakcha orqali aholi kundalik harakatlarida xavfsizlik taʼminlanadi va davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning mahallada amaliy samarasi seziladi. Yoʻlakcha orqali qoʻshni “Hoʻshmon” qishlogʻi aholisi ham, shu jumladan, maktab oʻquvchilari maktabga xatarsiz harakatlanishi taʼminlanadi.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring