Mahalliy bozorda yogʻ, tuxum va shakarning narxi nega oshib ketdi? 

03:11 01 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
4058 0

Illyustrativ surat

Ayni kunlarda mahalliy bozorda kungaboqar yogʻining chakana narxi sentyabr oyining boshiga nisbatan 11 500 soʻmdan 15 000 soʻmga (oʻsish 30 foiz), shakar mahsulotining narxi 6 000 soʻmdan 7 000 soʻmga (oʻsish 15 foiz) hamda parranda tuxumi narxi 1000 soʻmdan 1300 soʻmga (oʻsish 30 foiz) oshganligi kuzatildi.

“Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalariga koʻra, ushbu isteʼmol tovarlari narxlari oshishi sabablari quyidagilar bilan bogʻliq boʻlgan:

A) Kungaboqar yogʻi boʻyicha.

Respublikada bugungi kunda 40 dan ortiq kungaboqar yogʻi ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud.

Shu bilan birga, joriy yilning 9 oyi davomida 177 ming tonna kungaboqar yogʻi import qilingan boʻlib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga koʻp.

Kungaboqar yetishtiruvchi asosiy yirik davlatlardan biri va respublikaga import qilinadigan mahsulotning asosiy qismi toʻgʻri kelgan Rossiya Federatsiyasida kungaboqar hosili joriy yilda oʻtgan yilga nisbatan 12 foizga kam boʻlishi kutilmoqda.

Rossiyada 2019-yilda 15,3 mln tonna kungaboqar yetishtirilgan boʻlib, 2020 yilda ushbu koʻrsatkich 13,5 mln tonna atrofida prognoz qilinmoqda.

Bu esa oʻz navbatida mahsulotning narxlariga taʼsir etdi, xususan Rossiya bozorida avgust oyida bir tonna kungaboqar yogʻi 750-800 dollarni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan haftada narxlar 985-1050 dollarni tashkil etib, narxlar oʻrtacha 30 foiz oshgan.

Bundan tashqari, Rossiya ichki bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun kungaboqarning yetishmasligi sababli mahsulot eksportining 4 yilga cheklanishi masalasining koʻrib chiqilishi ham mahsulot narxlarining shakllanishiga taʼsir qilgan.

B) Tuxum mahsuloti boʻyicha.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PF–6011-sonli Farmoniga muvofiq chetdan keltiradigan parranda ozuqa va ozuqa qoʻshimchalari, veterinariya preparatlari uchun joriy yilning 1-oktyabridan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlanishi koʻzda tutilmoqda, bu esa oʻz navbatida ushbu mahsulotlar narxlarining 15 foiz oshishiga olib kelishini inobatga olib, bozor ishtirokchilari oʻzgarishlarni hisobga olgan holda narx belgilamoqda.

Parranda ozuqa bazasining asosiy qismini bugʻdoy, soya shroti va makkajoʻxori xom ashyosi tashkil etib, ushbu mahsulotlarning narxlari yil boshidan oʻrtacha 10 foizga oshgan.

Masalan, yuqoridagi mahsulotlar ichida soya shroti asosan import mahsulot hisoblanib, yil boshida 1 kg narxi 0,47 dollarni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda 0,51 dollarni tashkil qilmoqda.

Joriy yil iyun-iyul oylari mobaynida 14 dan ortiq yirik parrandachilik korxonalarida boqilayotgan 1,8 mln. bosh qari tovuqlar yangi joʻjalarga almashtirilganligi, mahsulot ishlab chiqarish hajmini keskin kamayishiga olib kelgan.

Bundan tashqari, valyuta kursining yil boshidan 8,5 foizga koʻtarilishi ham import kungaboqar va soya shroti hamda boshqa ozuqaviy qoʻshimchalar narxining oshishiga taʼsir qilgan.

Shuningdek, «Parrandasanoat» uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlar natijalariga koʻra joriy yilda aholining isteʼmol savatida tuxumga boʻlgan talab 12 foizga oshganligi maʼlum boʻlganligi ham maʼlum qilingan.

V) Shakar mahsuloti boʻyicha.

Bugungi kunda respublikada 2 ta korxona shakar ishlab chiqarish bilan shugʻullanib keladi, ularning yillik ishlab chiqarish quvvati 690 ming tonnani tashkil qiladi, bunda ishlab chiqarishda asosan import asosida olib kelinadigan shakar xom ashyosidan foydalaniladi.

Bundan tashqari, 100 dan ortiq yuridik shaxslar tomonidan shakar mahsuloti muntazam import qilinib kelinmoqda. Xususan, oʻtgan yilning 9 oyi davomida 82 ming tonna shakar import qilingan boʻlsa, joriy yilning mos davrida ushbu koʻrsatkich 288 ming tonnani tashkil etdi.

Shu bilan birga, qoʻshni davlatlarda noqulay ob-havoning shakar yetishtirish uchun zarur boʻlgan qandlavlagi xom-ashyosi sifatiga keskin taʼsiri tufayli bu yilgi hosilning past boʻlishi kutilmoqda.

Natijada, avgust oyining boshida 1 kg shakarning narxi oʻrtacha 29 rublni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda 39 rublni tashkil etmoqda (oʻsish 34 foiz). Yaʼni, shakar narxining oshishiga importdan keltirilayotgan shakarning narxi koʻtarilishi sabab boʻlgan.

Bugungi kunda, “Xorazm shakar” MCHJ va “Angren shakar” MCHJlarda 40 ming tonna tayyor shakar zaxiralari mavjud boʻlib, muntazam ravishda birja orqali sotilib kelinmoqda. Joriy yilning avgust oyida mahalliy shakarning ulgurji narxi birja savdolarida oʻrtacha 5840 soʻm boʻlgan va hozirgi kunda 6585 soʻmni tashkil qilmoqda", deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер