Mahallaga atirgul va asal ifori taratayotgan hovli

14:30 23 Oktyabr 2025 Jamiyat
462 0

Qoʻshtepa tumanidagi “Solijonobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Arabboy Maʼmirov mirishkor tomorqachi, gulchi va asalarichi oila sohibi sifatida tanilgan.

Boisi bu oila aʼzolari qariyb 10-yildan buyon gulchilik va asalarichilik bilan shugʻullanadi. Qoʻshimcha 20 sotix yerda xrizantema (globus) guli ham parvarishlanadi. Joriy yilning bahorida 7 ming dona gul koʻchati ekilgan edi. Ayni paytda ushbu gulning har bir donasi ulgurji bozorda 12 ming soʻmdan sotilmoqda.

— Gulchilik ortiqcha mehnat talab qilmaydi, lekin bu ishda nafosat va nafislik muhim, — deydi Arabboy. — Biz gul parvarishida doimo shunga amal qilamiz. Har bir gul koʻchati oilamiz aʼzosidek suyukli va qadrli boʻlib qoladi.

Xonadon tomorqasida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan. Shu tufayli ekinlar parvarishida suv tejalib, hosilning tannarxi arzon va sifati yuqori boʻlmoqda. Yumushlar koʻpaygan paytda 8-10 nafargacha yoshlar va ayollarni mavsumiy ish bilan taʼminlashadi.

Bu oila tomorqadan yiliga uch-toʻrt marta hosil oladi. Misol uchun, birgina joriy yilning oʻzida erta bahorda ismaloqdan 8 million soʻm daromad olindi. Ayni kunlarda gul hosili yigʻib olinib, butun mamlakatimiz boʻylab xaridorlarga yetkazib berilyapti. Kuz-qish mavsumida karamdan ham yaxshigina daromad olish moʻljallanmoqda.

Asalarichilik oilaning yana bir daromad manbai boʻlib, hozirda 100 qutidan ortiq asalari bor. Ularning nasli Qirgʻiz Respublikasi, Qozogʻiston va hatto Rossiyagacha eksport qilinadi. Shu tariqa asalning oʻzidan yiliga 100 million soʻm daromad olish mumkin. 2 sotix yerda qovoq ham yetishtirilgan. Ayni kunlarda uning har bir donasi 25-30 ming soʻmdan sotilayotir.

Tomorqachilikdagi bu kabi ibratli faoliyati qoʻllab-quvvatlanib, oʻtgan yili “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida ushbu oilaga dehqonchilik uchun ijara asosida 40 sotix yer maydoni ajratib berildi. U yerda poliz ekinlari parvarishlanmoqda.

“Solijonobod” MFYdagi hokim yordamchisi Sherzodjon Rahimovning maʼlum qilishicha, hozirda mirishkor oila tajribasi asosida gulchilikni mahallaning asosiy drayveriga aylantirish maqsad qilingan. Oʻz navbatida, asalarichilikdagi tajribani ommalashtirish orqali mahallaning eksport salohiyatini oshirish ham koʻzda tutilgan.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер