Mahalladan — jahon bozoriga!
Foto: Xalq so‘zi
Quva tumanidagi “Pandigon” MFY hududida tashkil etilgan oilaviy korxona mahsulotlari yuz foiz eksportga joʻnatilmoqda
Fargʻona viloyatining Quva tumani “Pandigon” MFYda joylashgan “Baby Shukrona” oilaviy korxonasida tayyorlanayotgan tikuvchilik mahsulotlari juda ham xaridorgir boʻlib bormoqda.

Tadbirkor Shukrullo Ummataliyev rahbarligida tashkil etilgan ushbu tikuvchilik korxonasida hozirda 60 nafar mazkur mahallada yashovchi xotin-qizlar doimiy ish bilan taʼminlangan. Eʼtiborlisi, bolalar va ayollar kiyimlari ishlab chiqaruvchi korxona mahsulotlari yuz foiz eksportga sotiladi.
— Gulchilik va dehqonchilik mahallaning “oʻsish nuqtasi” sifatida belgilangan boʻlsada, keyingi paytda hududda tadbirkorlik ham jadal rivojlanayotgani eʼtiborga loyiq, — deydi “Pandigon” MFY raisi Saidjon Ristayev. — Dastur doirasida yil oxirida mahallada yana bir tikuvchilik korxonasi ishga tushiriladi. Korxonaga 120 nafar mahallamiz xotin-qizlarini ishga joylashtirish rejalashtirilmoqda.
Taʼkidlash oʻrinliki, mahalladagi 738 ta oilada istiqomat qiluvchi 2800 nafarga yaqin aholining salmoqli qismi gulchilik va tomorqa dehqonchiligi bilan shugʻullanadi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring