Mahallada situatsion markaz ishga tushirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Tuproqqalʼa tumanining Muhabbat mahallasi jinoyatchilik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgani uchun “qizil hudud” toifasiga kiritilgan. Mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish maqsadida tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan mahalla fuqarolar yigʻini bilan hamkorlikda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
— Mahalladagi 6 ta koʻchaga qoʻshimcha 82 ta tungi yoritkichlar va 45 ta kuzatuv kameralarini oʻrnatib, yangi tashkil qilingan situatsion markazga uladik, — deydi profilaktika katta inspektori Anvar Roʻzimov. — 2-bosqichda kuzatuv kameralari sonini 90 taga yetkazish moʻljallangan. Bundan tashqari, tuman hokimligi tashabbusi bilan mahalla profilaktika inspektorlariga yordamchi sifatida aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan 5 nafar jamoatchi xodim jalb qilinib, xizmatda foydalanish uchun elektrskuterlar bilan taʼminlandi.
Shuningdek, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida nizoli va notinch oilalar, ota-ona nazoratisiz qilgan bolalar, yot gʻoyalar taʼsiriga tushgan yoshlar bilan ishlash boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring