Mahallada baxt bor, tashvish bor

18:19 17 May 2022 Jamiyat
984 0

Foto: Халқ сўзи

Atigi bir yil avval tuman hokimi yordamchisi haqida soʻz ketsa, aksar hollarda qabulxonada oʻtirib, muammoli fuqarolarni tuman rahbari xonasiga yoʻlatmaydigan xodimlar koʻz oʻngimizga kelardi. Yangi yildan har bir mahallada ish boshlagan hokim yordamchilari esa ulardan farqli oʻlaroq, hududlarda koʻchama-koʻcha, xonadonma-xonadon yurib, yillar davomida toʻplanib qolgan masalalarni oʻrganmoqda. Odamlarni qiynayotgan tashvishlarga turli idoralardan yechim axtarmoqda. Eng muhimi, har bir mahallaning ogʻriqli nuqtalari asosida real holat va yechim yoʻllarini ishlab chiqmoqda.

Misol uchun, xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati Aziz Suvonov Karmana tumanidagi “Malik” MFY yigʻinida hokim yordamchisi sifatida faoliyat boshlaganida hududda 39 nafar fuqaro ishsiz, deb maʼlumot berilgan edi. Xonadonma-xonadon oʻrganish natijasida bu raqam qariyb besh baravar koʻp, yaʼni 187 nafarni tashkil etdi.

— Mazkur fuqarolarning har biri bilan alohida suhbatlashib, ularning imkoniyat va salohiyatini oʻrgandik, — deydi A. Suvonov. — Shu asosda ularga oʻz taklifimizni berib, bandligini taʼminlash choralarini koʻrmoqdamiz. Natijada oʻtgan toʻrt oy ichida 77 nafarini doimiy, 69 nafarini mavsumiy ish bilan taʼminladik. Hozirgi kunda har biri oʻnta ish oʻrinli uchta tadbirkorlik subyektini ishga tushirish arafasidamiz, shular orqali bu boradagi muammolarni vaqtincha boʻlsada bartaraf etamiz. Vaqtincha deyishimi sababi, ushbu muammoni bir yoʻla, batamom bartaraf etib boʻlmaydi. Chunki erta-indin oʻquv yili tugab mehnat bozorimizga yana yoshlar kirib keladi.

Tomorqa – rizq-baraka manbai

“Malik” mahalla fuqarolar yigʻini hududiga qarashli Uzumzor, Gulshan, Toʻqqiz uy, Qaldirgʻoch va Farhod qishloqlarida 2 min 705 nafar aholi istiqomat qiladi. Xonadonlarning 135 gektar tomorqalari mavjud. Lekin bu tomorqalardan samarali foydalanilmayotganini mahalla ahli meva-sabzavotlarni tuman markazidagi bozordan keltirishidan ham anglash mumkin. Albatta, buning muayyan sabablari bor.

— Bu muammoni bartaraf etish maqsadida bahorgi ekin mavsumida aholiga 10 tonna sifatli kartoshka urugʻi hamda 100 ming tup pomidor, qalampir, bodring koʻchatlari homiylik asosida bepul yetkazilib berildi, — deydi Aziz Suvonov. — Surxondaryo viloyatidan 10 ming tup xurmo koʻchati keltirib ekdik. Shuningdek, mahalla hududidagi 23 fermer xoʻjaligining 100 gektardan ziyod ekin maydoni yoshlarga ajratilib, ayrim maydonlarda lavlagi yetishtirish yoʻlga qoʻyildi

“Malik” yaqin-yaqingacha Navoiy viloyatining uzumchilik markazi sanalgan. Biroq suv tanqisligi sabab va oʻtgan asrdagi ichkilikbozlikka qarshi kurash tadbirlari ortidan bu yerdagi yuzlab gektar uzumzorlar yoʻq qilindi. Endilikda “Malik”da uzumchilik anʼanalarini tiklash maqsadida Fargʻona viloyatidan 100 ming dona uzum koʻchatlari keltirilib, aholiga va dehqon xoʻjaliklariga tarqatildi. Bundan tashqari 225 mingta uzum qalamchalari tayyorlanib, hududdagi 100 gektar yerni qayta uzumzorga aylantirish choralari koʻrildi.

“Bir koʻcha – bir mahsulot”

“Malik”da har bir xonadonga 50 boshdan xonaki joʻja bepul tarqatildi. Inkubatsion tuxum olish mumkin boʻlgan mazkur parrandalar 4 oyda mahsulot bera boshlaydi. Soʻngra mehnat kooperatsiyasi usulida tayyor tuxum aholidan sotib olinadi. Bu orqali ham aholiga qoʻshimcha daromad manbai hamda bir hududda katta miqdorda tuxum yetishtirish imkoni yaratildi.

— Hozircha 20 ta xonadon bilan “Bir koʻcha — bir mahsulot” tizimini yoʻlga qoʻydik, — davom etadi A Suvonov. — Yilning ikkinchi yarmida ularning sonini yuztaga yetkazish rejalashtirilgan. Muhimi, joʻjalar aholiga tarqatilishi bilan birga ularga kataklar ham bepul yetkazilib, veterinarlar tomonidan tavsiyalar berilmoqda.

Shuningdek, ushbu tizimni toʻliq tatbiq etib, oʻrdakchilik, kurkachilik asalarichilik va issiqxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Shu kunlarda mahallada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqachilik, kichik ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va boshqa turdagi faoliyatni yoʻlga qoʻyishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishi ustida ish olib borilmoqda.

Hozirga qadar mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun 565 million soʻm kredit mablagʻlari yoʻnaltirildi. Ehtiyoj esa 1 milliard soʻmni tashkil etmoqda. Markaziy bankning Navoiy viloyat bosh boshqarmasi rahbariyati shu oyning oxiriga qadar qolgan mablagʻ ham ajratilishini vaʼda bergan.

Aziz Suvonov tadbirkor sifatida mahallaning ixtisoslashuvi va mehnat resurslarini inobatga olgan holda, uni rivojlantirishga turtki beradigan omillar va yoʻnalishlarni belgilarkan, hududda baliqchilik hamda yilqichilikni rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqdi.

— Shu maqsadda tumanimizga tashrif buyurgan mamlakatimizning Avstriya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi bilan mahallamiz tadbirkorlari uchrashuvini uyushtirib, hududimizdagi «Karmana golden egs» korxonasi faoliyatini yaqindan tanishtirdik, — deydi A. Suvonov. — Muloqotda Navoiy viloyatida yetishtirilayotgan baliq mahsulotlarini Yevropa bozorlariga sotish, shuningdek, «Karmana golden egs» korxonasi tomonidan Yevropadan zotli otlar olib kelish tashabbuslarini ilgari surdik.

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar ham eʼtiborda

Har bir hududdagi maʼnaviy muhit sogʻlomligi sohaga qaratilgan alohida eʼtibor bilan, aholi dunyoqarashi va mafkuraviy immuniteti bilan bevosita bogʻliq. Tabiiyki, bunda mahalla ahli, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa bilan shugʻullanishlari uchun zamonaviy shart-sharoit yaratish muhim oʻrin tutadi.

Shu maqsadda “Malik” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻsh turgan bino toʻliq taʼmirlanib, yangi jihozlar oʻrnatildi va mahalla kutubxonasi tashkil etildi. Yangi muassasaga jamoatchilik asosida ikki nafar pedagog masʼul etib biriktirildi. Bugungi kunda 200 dan ziyod badiiy va ilmiy-metodik kitoblar mavjud boʻlib, kitoblar fondi muntazam ravishda boyitib borilmoqda. Kutubxonadan barcha aholi qatlami bepul foydalanishi mumkin.

Shuningdek, ushbu maskanda oʻquv markazi ham tashkil etilib, IT sohasi boʻyicha mahalla yoshlarini oʻqitishga malakali mutaxassislar jalb qilingan.

Mahallada shu kabi qator tashabbuslar bilan birga turli sport musobaqalari, tanlov va koʻrgazmalar oʻtkazish ham muntazamlik kasb etgan.

— Davlatimiz rahbarining Fargʻona viloyatiga tashrifini kuzatar ekanman, rahbarlarning masʼuliyati va mahalla tizimi xususida aytgan dolzarb fikrlari, ayniqsa, “Hamma sohada mahalla tizimining rolini oshiryapmiz. Mahalla xalqning fikri degani, xalqning istagi degani. Buning uchun huquqiy asos yaratdik. Hokimdan tortib mahalla raisigacha birlashib, tegishli tashkilotlarni jalb etib, odamlarning ogʻirini yengil qilishi kerak”, degan soʻzlari har birimiz uchun dasturilamal boʻlishi kerakligini angladim. Prezidentimizning bu fikrlarini shunchaki daʼvat emas, balki mahalla tizimida ishlayotgan har bir masʼul oʻzining muqaddas burchi sifatida qabul qilishi lozim. Shundagina xalqimiz rozi, Yurtboshimiz minnatdor, Yaratganning oldida yuzimiz yorugʻ boʻladi, — deydi hokim yordamchisi Aziz Suvonov.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер