“Mahalla raisi shunchaki hisobot uchun xonadonlarga bormasligi kerak”
Prezidentimiz Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida “Mahalla obod bo‘lsa, ko‘ngillar obod bo‘ladi”, deya ta’kidlab o‘tdilar. Buning tag-zamirida katta ma’no mujassam.
Ayni paytda mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan g‘oya va takliflar asosida ishni tubdan qayta ko‘rib chiqish bilan birga, muammolardan xulosa qilib, ishni yangicha uslubda tashkil etish payidan bo‘linmoqda.
“Bizda bitta yomon odat bor. Qaysidir oilada muammo chiqsa, bu mening ishimmas, “otangga bor, onangga bor”, deyishga o‘rganib qolganmiz. Muammo yechimi va mas’uliyatini zimmamizga olgimiz kelmaydi.
Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari bizdan jonkuyarlikni so‘rayapti, oilaga kirdingmi, uni oxirigacha o‘rgan, muammosini hal qil, degan talabni qo‘ydi. Bu jarayonda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi haqiqiy, amaliy hamkorlikni kuchaytirishni ham zimmamizga yuklayapti.
Mahalla faollari hududdagi aholini biladi, uning dardini ham, tashvishini yaxshi tushunadi. Demak, bugun mahalla raisi shunchaki hisobot uchun xonadonlarga bormasligi kerak, aksincha bir kishining bo‘lsa-da muammosini hal etish orqali xalq hayotini yaxshilashga o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Hisobot uchun qilinadigan uchrashuv va muloqotlar kerak emas, degan da’vatlari o‘z ishimizga yanada mas’uliyat va jonkuyarlik bilan yondashishga undadi”, - deydi Abdulhakim Qodirov, “Quyosh” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring