Мahalla zamonaviy binoli boʻldi

12:19 28 Mart 2023 Jamiyat
644 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Mabodo, oʻzingiz istiqomat qilib turgan mahalla fuqarolar yigʻiniga yoʻlingiz tushsayu, u joylashgan bino taʼmirtalab, aftodahol ahvolda ekanini koʻrsangiz hayolingizdan “Odamlar oʻy-tashvishini yengillashtirishga masʼul maskanning oʻzi madadga muhtoj ekan-ku” degan fikr oʻtishi tayin. Shu nuqtayi nazardan Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Kogon” mahalla fuqarolar yigʻini uchun yangi bino qurilib foydalanishga topshirilgani ayni muddao boʻldi.

654 million soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga bunyod etilgan bu binoda mahalla raisi, hududdagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori uchun alohida xonalar ajratilgan va ular ishni samarali yoʻlga qoʻyishda qoʻl keladigan vositalar bilan jihozlangan. Aholi nisbatan tigʻiz yashaydigan bu mahallada shunday koʻrkam binoning qurilishi fuqarolarni ham xursand qildi, albatta. Mahalla binosining ochilish marosimida qatnashgan aholi vakillari, xususan, keksalar ana shuni alohida eʼtirof etib, bu kabi ishlar inson qadrini joyiga qoʻyish borasidagi ezgu saʼy-harakatlarning bir qismi ekanini taʼkidladilar.

Maʼlumot tariqasida aytish joizki, davlatimiz rahbarining 2022-yil 25-oktyabrda qabul qilingan mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qaroriga koʻra, yaqinda Buxoro shahri, Peshku, Gʻijduvon tumanlarida ham mahallalar uchun zamonaviy binolar barpo etilib, foydalanishga topshirildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер