Mahalla yoshlariga yangi qulayliklar yaratildi

18:36 31 Yanvar 2024 Jamiyat
345 0

Markaziy Fargʻona hududida joylashgan Yozyovon tumanining eng olis mahallalaridan biri Yangiboʻston 1982-yilda atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov tashabbusi bilan tashkil etilgan. Mamlakatimizning barcha joylarida boʻlgani kabi keyingi yillarda ushbu mahallada ham keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari olib borilyapti.

Mahalla infratuzilmasini yaxshilash borasida davlat dasturlari doirasida izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021-yili 60 oʻringa moʻljallangan 25-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun zamonaviy bino qurildi. Shu kunlarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi qishloq infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi doirasida mahalladagi 33-umumtaʼlim maktabiga 1 mlrd. 169 mln. soʻm mablagʻ sarflanib, qurib bitkazilgan yangi sportzal foydalanishga topshirildi.

— Bu mahallaning oʻziga xos tarixi bor, — deydi Yozyovon tumani hokimi oʻrinbosari Mirzohid Hotamov. — Bugun mahalla yoshlari ixtiyoriga topshirilayotgan ushbu muhtasham inshoot sport bilan shugʻullanish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Ishonamizki, yaqin istiqbolda Yangiboʻstondan ham chempionlar yetishib chiqadi.

Tantanali tadbir qatnashchilari yangi sport zalida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, maktab oʻquvchilarining turli chiqishlaridan bahramand boʻlishdi.

Aytish joiz, tuman maktablarida sport zallari soni 32 taga yetdi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер