Mahalla islohotlar markaziga aylanmogʻi lozim

17:14 06 May 2021 Jamiyat
1176 0

Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, odamlarni oʻylantirayotgan muammolar, sektorlar tizimida mahallabay ishlash tizimi asosida “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftariga kiritilgan oilalar bilan olib borilayotgan ishlarni oʻrganish maqsadida Namanganda boʻlib turgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi ishchi guruhi bugungi faoliyatini Uychi tumanidagi Balandariq mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Vodiy ipak gilami” qoʻshma korxonasi bilan tanishishdan boshlandi. Oʻzbekiston - Turkiya hamkorligidagi mazkur korxonada asosan ipak gilamlar toʻqiladi. Yuqori darajadagi badiiy mahsulot hisoblanadigan qimmatbaho gilamlar Turkiya, Gretsiya, Angliya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Bu yerda mahalliy xotin-qizlardan 80 nafarining doimiy bandligi taʼminlangan. Faoliyat tobora kengayib bormoqda.Oʻtgan yili tikuvchilik sexi ham ishga tushirilib, maxsus ishchi kiyimlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish hisobiga yana 120 nafar xotin-qiz doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Eʼtiborli jihati, gilamdoʻzlar pandemiya sharoitida ham ish surʼatini aslo pasaytirgani yoʻq. Maʼmuriyat ularning katta qismini uy mehnati tartibiga oʻtkazib, zarur xom ashyoni xonadoniga yetkazib bermoqda.

Senat Raisi korxona faoliyati hamda bu yerda ishlovchi ayollar va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Unga xalqaro bozorda talab yuqori boʻlgan sovgʻabop gilamlar toʻqilishining oʻziga xos jihatlari haqida gapirib berishdi.

— Milliy hunarmandchiligimiz anʼanalari, jumladan, gilamdoʻzlik ham bebaho qadriyatlarimizdan, uning unutilishiga aslo yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Zero, mehnat va ijod uygʻunlashib ketgan bu singari sohalar isteʼmol bozorini toʻldirish barobarida qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, eng avvalo, xotin-qizlarni band etishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli, — dedi T. Norboyeva.

Dahiyakota mahallasida yashovchi oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro Rashidaxon Mahmudova xonadonida yetishtirilayotgan isteʼmol qoʻziqorini ishchi guruhi aʼzolarining eʼtiborini tortdi. Xonadon sohibasi yangilikka qoʻl urganiga ikki yil boʻldi. U qoʻshni mahallalik tadbirkor Muazzam Safarova bilan birgalikda yil boshidan buyon uch yuzdan ortiq maxsus qopchada qoʻziqorin yetishtirdi. Sotuvdan tushgan daromad 11 million soʻmdan oshdi. Ikki ishbilarmon ayol qoʻziqorin yetishtirish boʻyicha tajribalarini qoʻni-qoʻshnilarga ham oʻrgatishmoqda.

— Rashida, Muazzam, fermer hamqishlogʻimiz Maʼmura Turgʻunova singari tashabbuskor va gʻayratli ayollarimiz qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi, — dedi Jiydakapa mahallasida istiqomat qiluvchi Robiya Qoʻchqorova. — Ulardan oʻrnak olib, men ham uyda qoʻziqorin parvarishlayapman. Mehnati uncha ogʻir emas, muhimi, mahsulotni xaridorlarning oʻzlari uyingizdan olib ketishadi. Kilosini 15 ming soʻmdan koʻproqqa sotib, yaxshigina daromad topyapmiz.

Uchinchi sektor hududidagi Jiydakapa MFYda faoliyat koʻrsatayotgan «Musaxon Asaloy kelajagi» masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Mohidil Isoqova ham faol tadbirkorlardan. U foydalanilmay boʻsh turgan binoni taʼmirlab, tikuvchilik sexi faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Oʻtgan yili Xalq banki Uychi filialidan 220 million soʻm imtiyozli kredit olib, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” da turgan xotin-qizlardan 50 nafarini doimiy ish bilan taʼminladi. Korxonada asosan oʻn turdagi kiyim-kechak hamda bolalar choyshabi tayyorlanib, mahsulotlar ichki bozorga yetkazib berilmoqda.

Tadbirkor qoʻshimcha ravishda yana 100 ta ishchi oʻrni yaratish harakatida. Shu maqsadda u Namangan sanoat texnikumi (sobiq Jiydakapa qurilish va kommunal xoʻjaligi kasb-hunar kolleji)ning boʻsh turgan yotoqxona binosining birinchi qavatida 1 mlrd. soʻmlik tikuvchilik ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil qilish loyihasini amalga oshirishga kirishgan. Buning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining jamgʻarmasidan subsidiya mablagʻi ajratilmoqda. Yotoqxona binosida taʼmirlash ishlari yakuniga yetay deb qoldi. MCHJ rahbari tikuvchi ayollar farzandlari uchun 30 oʻrinli bolalar bogʻchasi tashkil etishni ham boshlab yubordi.

Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish chogʻida boʻsh turgan yotoqxona binosining ikkinchi va uchinchi qavatlarini tumandagi kam taʼminlangan, uy-joyga muhtoj fuqarolarga ajratib berish masalasi oʻrtaga tashlandi. Senat raisi mutasaddilarni bu masala tegishli idoralar hamkorligida ijobiy yechim topishiga ishontirdi.

Oliy Majlis yuqori palatasi raisi Xalq deputatlari Uychi tuman Kengashi deputatlari va siyosiy partiyalar yetakchilari bilan muloqot oʻtkazdi. Uchrashuv davomida mahalliy Kengashlar faoliyati, ular qoshida tashkil etilgan “Xalqparvar” komissiyalarning ipoteka kreditlari ajratilishi va uy-joy qurilishini nazorat qilishdagi ishtiroki, byudjet mablagʻlarini shakllantirish va har chorak davomida ijrosi yuzasidan sessiyalarda masʼullar hisobotini tinglab borish kabi muhim masalalar yuzasidan tavsiyalar berib oʻtildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер