“Mahalla yettiligi” uchun yangi bino topshirildi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Mahalla ahli tashabbusi bilan Bagʻdod tumanidagi “Qashqarmakay” MFYning yangi binosi bunyod etilib, “mahalla yettiligi” uchun qulay sharoitlar yaratib berildi. Yangi binoda yettita xona mavjud boʻlib, har bir xodim uchun alohida joy ajratildi. Aholi murojaatlarini oʻrganish va ularning muammolariga yechim topish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Ayni paytda mahalladagi 1070 ta oilada 4 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mahalla nuroniylari va faollari tashabbusi tadbirkorlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, ezgu maqsad ijobati uchun 300 million soʻmdan ortiq homiylik mablagʻi ajratildi. Natijada 8 oyda ushbu bino qad rostladi.

— Bu borada Davlatimiz rahbarining 2019-yil 2-aprelda qabul qilingan “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim dasturilamal boʻlmoqda, — deydi Bagʻdod tumani hokimi Gʻanijon Soliyev. — Yaqin istiqbolda tumandagi ana shunday doimiy faoliyat koʻrsatadigan idorasi boʻlmagan yoki ijarada oʻtirgan mahallalarda kerakli barcha qulayliklarni muhayyo etish koʻzda tutilgan.

Tantanali tadbir qoʻshaloq shodiyonaga aylanib, mahalliy soliqlarni undirishda faollik koʻrsatgan “Maylaboy”, “Qaroqchitol”, “Qashqarmakay”, “Samarqand” mahalla fuqarolar yigʻini raislarining har biriga 10 million soʻm miqdoridagi vaucherlar taqdim etildi. Fayzli dasturxon atrofida jamlangan mahalla ahli qoʻshaloq xursandchilikni unutilmas shodiyona sifatida nishonladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring