MAGATE bosh direktori oʻrinbosarining Oʻzbekistonga tashrifi qanday oʻtdi?
Maʼlumki, joriy yilning 11-13-oktyabr kunlari MAGATE Bosh direktori oʻrinbosari — Kafolatlar departamenti boshligʻi Massimo Aparo boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi.
“Atom – tinchlik va taraqqiyot uchun” shiori ostida faoliyat olib boruvchi MAGATEni koʻpchilik, BMT tizimida yadroviy xavfsizlik yoʻnalishida faoliyat olib boruvchi xalqaro tashkilot sifatida yaxshi biladi. Agentlik oʻzining aʼzo mamlakatlari va koʻplab hamkorlari bilan birgalikda yadro texnologiyalaridan unumli, samarali va xavfsiz foydalanish ishlarini butun dunyo boʻylab amalga oshiradi.
MAGATEning M.Aparo boshchiligidagi delegatsiyasi hamda Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi vakillari ishtirokida rasmiy uchrashuv oʻtkazildi. Muloqot davomida atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanishga doir xalqaro shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari doirasida yadroviy materiallarga qoʻllaniladigan kafolatlarning implementatsiyasi hamda respublikamizning yadro energetika dasturi kabi masalalar muhokama qilindi. Uchrashuv soʻngida M.Aparo, mehmondoʻstlik va hamkorlik uchun minnatdorchiligini izhor etib, Oʻzbekistonda atom energetikasi yoʻnalishida olib borilayotgan ishlarni alohida taʼkidlab oʻtdi hamda kelajakda mustahkam aloqalarni yana-da rivojlantirish maqsadida qoʻmita faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. Oʻzbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilgan atom elektrostansiyasi, tomonlar uchun manfaatli hamkorlikning asosi sifatida xizmat qilishini, bu boradagi ishlar amalga oshirilishida MAGATE amaliy yordam koʻrsatishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Maʼlumot uchun. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning 1992-yil 9-dekabrdagi 760-XII-son qarori bilan Yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi shartnomaga qoʻshilgan.
2006-yilda, Markaziy Osiyoni yadro qurollaridan holi hududga aylantirish yuzasidan kelishuv imzolangan boʻlib, ushbu tarixiy hujjatning imzolanishi BMT Bosh Assambleyasi va xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab quvvatlangan, hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash yoʻlida qoʻyilgan muhim qadam sifatida eʼtirof etilgan.
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi yadro texnologiyalari va atom energetikasi obyektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligi masalalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi, nazorat qiluvchi hamda muvofiqlashtiruvchi, shuningdek, atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasidagi xalqaro shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini taʼminlovchi vakolatli organ etib belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring