“Madaniy obyektlarda oʻtkaziladigan ommaviy tadbirlar ularga zarar yetkazishi mumkin” – Madaniyat vazirligi
Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Madaniy meros departamenti rahbarlari hamda masʼul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Anjumanda Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros obyektlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosini taʼminlash va sohaga oid bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining soni 8208 ta ni tashkil etgan boʻlib, ularning 4748 tasi ming yillik tarixiy ahamiyatga ega arxeologiya yodgorliklari hisoblanadi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga koʻra, muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish, moddiy meros obyektlarini qayta tiklash uchun ajratilgan mablagʻlar haqida statistik maʼlumotlar taqdim etildi. Shuningdek, soha oldida turgan dolzarb muammolar ham sanab oʻtildi. Jumladan, kadrlar masalasi, mutaxassislar yetishmasligi, madaniy meroslarni qayta taʼmirlashda zamonaviy texnologiyalarning mavjud emasligi, soha mutaxassislarining oylik maoshlari muammosi, xorijiy davlatlarda tajriba oʻrganish va malaka oshirish masalasi va boshqa yechimi kutilayotgan qator muammolar aytib oʻtildi.
Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbarining maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 200 ga yaqin va “Oltin fond” jamgʻarmasiga 200 dan oshiq madaniy obyektlar biriktirilgan.
Brifingda Madaniyat vaziri oʻrinbosari Kamola Akilova madaniy obyektlarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan bir qator omillarni sanab oʻtdi.
— Eng birinchi omil – bu vaqt, yaʼni yillar oʻtgani sayin madaniy meros obyektlari eskirishi va tarovatini yoʻqotishi hisoblanadi. Eng dolzarb omillardan biri esa ommaviy tadbirlar yoki obodonlashtirish ishlari ham boʻlishi mumkin. Aytaylik, butun dunyoga mashhur “Sharq taronalari” festivali Samarqand markazida oʻtkaziladi. Shovqinning kuchliligi va balandligi madaniy meros obyektining silkinishiga, uning devorlarini titratishga sabab boʻladi. Yoki obyektlar atrofida olib boriladigan obodonlashtirish ishlarida yerlarni sugʻorishda ham madaniy obyekt qurilgan davrdagi mezonlarni hisobga olmaslik unga zarar yetkazishi ehtimolini oshiradi”, -dedi vazir oʻrinbosari.
Jurnalistlar madaniy meroslarni muhofaza qilish borasida oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berishdi va soha mutaxassislaridan toʻlaqonli javob olishdi. Jumladan, oʻtgan yilda ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab boʻlgan Buxoro viloyatidagi karvonsaroy mojarosi fransuz mutaxassislari foydasiga ijobiy hal etilganligi haqida maʼlumot berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring