Madaniy meros agentligiga parlament so‘rovi yuboriladi

13:37 07 Aprel 2023 Siyosat
1027 0

Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»

Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan Madaniy meros agentligiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham muhokama etildi. 
Ushbu masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan olib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda bugungi kunda faoliyat olib borayotgan 48 ta davlat muzeyi va ularning 73 ta filialida qariyb 2,5 mln muzey ashyolari va kolleksiyalari saqlanmoqda.
Shuningdek, 6 ta nodavlat muzey faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda jami 25 mingga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari soni 1,3 millionni tashkil etmoqda. Respublikadagi muzeylarga 2021 yil davomida 2,4 mln, 2022 yilda qariyb 3,5 millionga yaqin kishi tashrif buyurgan.
Senat tomonidan olib borilgan o‘rganishlar va tahlillar natijasida sohada yutuqlar bilan bir qatorda hal qilinishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar dolzarbligicha qolayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Xususan, muzeylar sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda nomuvofiqliklar mavjudligi aniqlangan. Jumladan, davlat muzeylari, muzey qo‘riqxonalari va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari Madaniy meros agentligiga o‘tkazilgan bo‘lsa-da, “Muzeylar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida Agentlikning bu boradagi vakolati belgilanmagan.
Shuningdek, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda bo‘lib, ularning soni 100 dan ortiqni tashkil etmoqda. 
Hukumatning tegishli qarori bilan Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartibi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu fondga kiritilmagan 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olish va saqlashning aniq tartiblari mavjud emas.

Internet jahon axborot tarmog‘ida ishga tushirilgan Davlat katalogi sahifasida (goskatalog.uz) 338 643 ta eksponat, ya’ni milliy muzey fondining bor yo‘g‘i 26 foizi to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan, xolos.
Muzeylarga 2022 yil davomida tashrif buyurganlarning 75 foizi asosan 6 ta muzeyga, 25 foizi esa qolgan 43 ta muzey va ularning filiallari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur holat aksariyat muzeylarda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini anglatadi.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan muzeylarni aholiga yaqinlashtirish hamda imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz uchun ham teng imkoniyatlar yaratish masalasiga ham e’tibor qaratildi. 
Shuningdek, senatorlar tomonidan muzeylarni aholiga yaqinlashtirish maqsadida olis va chekka hududlarga ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.
Muhokama so‘ngida Madaniy meros agentiligiga qayd etilgan muammo va kamchiliklar yuzasidan yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qo‘yilgan parlament so‘rovini yuborish qarori senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер