Liftda qamalib qolgan ona va bola qutqarildi (+video)
Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan lift ichida qulflanib qolgan ona va bolaga amaliy yordam koʻrsatildi. Bu haqida vazirlik axborot xizmati maʼlum qildi.
Unda aytilishicha, bugun, soat 11:51 da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga “112” tizimi orqali, Mirzo Ulugʻbek tumani Avayxon koʻchasida joylashgan koʻp qavatli uylarning birida lift ichida fuqarolar qolib ketgani va ularga amaliy yordam kerakligi toʻgʻrisida murojaat kelib tushgan.
Mazkur murojaatda aytilgan manzilga zudlik bilan tuman Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari yetib borgan va maxsus asbob-anjomlar yordamida lift ochilib, ichida qamalib qolgan ona va bola sogʻ-salomat qutqarib olingan.
Toshkentda soʻnggi 10 kun ichida liftda qamalib qolish bilan bogʻliq 4 ta holat yuz bergan
Unga koʻra, 8-aprel kuni soat 11:33da Toshkent shahar FVBga “112” tizimi orqali Shayxontohur tumani Beltepa mavzesida joylashgan koʻp qavatli uylarning birida lift ichida fuqarolar qamalib qolgani haqida maʼlumot kelib tushgan.
Hodisa joyiga zudlik bilan qutqaruvchilar yetib borib, maxsus asbob-anjomlar yordamida liftni ochishgan va fuqarolar sogʻ-salomat qutqarilgan.
Maʼlum boʻlishicha, fuqarolarning lift ichida qamalib qolish holati ilk bor sodir boʻlayotgani yoʻq. Jumladan, shu kabi holatlar 30-mart va 6-aprel kunlari Yunusobod hamda Mirzo Ulugʻbek tumanlarida ham kuzatilgan. Unda lift ichida qamalib qolganlarning aksari bolalar ekanligi maʼlum boʻlgan. Qutqaruvchilar hodisa joyiga yetib kelib, maxsus asbob-anjomlar yordamida liftni ochishgan va bolalar sogʻ-salomat qutqarib olingan.
Lift bilan bogʻliq noxush vaziyatlar asosan elektr energiyasi yetishmasligi, qurilmada haddan tashqari yuk borligi yoki uning texnik holati yomon, eski boʻlishi tufayli yuzga keladi. Fuqarolar shularni hisobga olgan holda harakat qilishi va ehtiyotkorlikni qoʻldan boy bermasliklari maqsadga muvofiqdir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring