Laziz Kudratov Pokiston Moliya vaziri Isʼhoq Dor bilan uchrashdi

17:30 24 Fevral 2023 Siyosat
631 0

Foto: Халқ сўзи

24-fevral kuni Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasining tashrifi davomida Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratovning Pokiston Moliya vaziri Isʼhoq Dor bilan tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Muloqot chogʻida transport va logistika, oʻzaro tovar aylanmasi, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasi, bank ishi kabi ustuvor yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

2022-yilda 240 million dollarga yetgan Oʻzbekiston-Pokiston oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Tomonlar ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini koʻpaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni amalda joriy etish va transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilishni jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar qabul qilinishini qoʻllab-quvvatladilar.

Uchrashuvda transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasining hayotga tatbiq etilishini tezlashtirish boʻyicha ham kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, kelishilgan chora-tadbirlar qatorida multimodal yuk tashish hajmini oshirish, mahsulotlarni uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda eksport qilish maqsadida har ikki davlat hududlarida terminallar yaratish masalalari ham oʻrin oldi.

Shuningdek, banklararo aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Markaziy banklar oʻrtasida SWAP operatsiyalari mexanizmini joriy etish, ikki mamlakat moliya institutlari oʻrtasida vakillik bank munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga kelishildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar oʻzaro munosabatlarning barcha muhokama qilingan yoʻnalishlari yuzasidan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga qatʼiy sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер