Latif shahar yanada chiroy ochmoqda

22:31 12 Aprel 2022 Jamiyat
1158 0

Foto: Халқ сўзи

Maʼlumki, shu yilning sentyabr oyida Qoʻqon shahrida II Xalqaro hunarmandchilik festivali oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda koʻhna tarix va zamonaviy taraqqiyot mezonlarini oʻzaro uygʻunlashtirgan latif shaharda nufuzli festivalga tayyorgarlik ishlari tobora keng quloch yozmoqda.

2019-yili oʻtkazilgan ilk festivalda dunyoning 70 dan ziyod mamlakatlaridan xalq amaliy sanʼati ustalari ishtirok etgan, Qoʻqon Butunjahon hunarmandlar shaharlari roʻyxatiga kiritilgan edi.

— Festivalga tayyorgarlik koʻrish dasturi doirasida 64 milliard soʻm mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan boʻlib, ushbu jarayonda madaniy meros obyektlarini taʼmirlash va restavratsiya qilish, muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini yangilash, yoʻllarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, gastronomik koʻcha tashkil etish ishlari bajariladi, — deydi Qoʻqon shahar hokimi oʻrinbosari Sherzod Dehqonov. — Ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida 14 ta obida – Xudoyorxon oʻrdasi, Jome majmuasi, Norboʻtabek, Dasturxonchi, Miyon Hazrat madrasalari, Dahmai Shohonni taʼmirlash koʻzda tutilgan. Hozirgi kunda Yalangʻoch ota, Qirq kokilli ota ziyoratgohlari obodonlashtirilmoqda. Qoʻqon madaniy qoʻriqxonasi tarkibiga kiruvchi Tepaqoʻrgʻon majmuasida Ashurali Zohiriy muzeyini tashkil etishga kirishilgan.

Shahardagi Adabiyot muzeyi, Muqimiy hujra-muzeyi, Hamza uy-muzeyi joylashgan Istiqlol, Taroqchilik koʻchalari taʼmirlanadi, turizm obyektlariga olib boradigan koʻchalarga qoʻshimcha bezaklar oʻrnatiladi. Bodomzor kunu tun faoliyat koʻrsatadigan gastronomik koʻchaga aylantiriladi. Furqat bogʻining yangi loyihasi boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Shuningdek, shaharning 27 ta koʻchasida mavsumiy gullar ekilyapti. Dunyoning turli hududlaridan eman, lola, kashtan, oq qayin, hind nastarini singari noyob manzarali daraxtlar koʻchatlari oʻtqazilmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер