Fargʻonada Belarus konserni bilan hamkorlikda zamonaviy mebellar ishlab chiqariladi
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyatida Belarus Respublikasining ellikdan ziyod yogʻochni qayta ishlash, qogʻoz-sellyuloza ishlab chiqarish va mebelsozlik korxonalarini oʻzida jamlagan «Bellesbumprom» konserni bilan hamkorlikda zamonaviy mebellar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Shu kunlarda Fargʻonada boʻlib turgan konsern raisi oʻrinbosari Gennadiy Dikoviskiy boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda shu masalada dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Konsern tasarrufidagi zamonaviy uy va ofis mebellari, mebel panellari ishlab chiqaruvchi Belarusning yirik korxonalari rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan muloqotda Fargʻona viloyatida mebelsozlik sohasida keyingi yillarda erishilayotgan yutuqlar eʼtirof etildi. Shu bois viloyatning Quvasoy shahri va Buvayda tumanida faoliyat olib boruvchi mebelsozlik korxonalari bilan hamkorlikda zamonaviy mebel jihozlari ishlab chiqarish istiqbolli ekanligi taʼkidlandi.
Oʻz navbatida Fargʻona viloyatida yangi tashkil etilishi koʻzda tutilayotgan korxonada eksportbop mebellar, mebel panellari, shuningdek, uy va ofis eshiklari ishlab chiqarish boʻyicha kelishib olindi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring