Lalmi tarvuzlari bilan mashhur Shoʻrquduq
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Koʻkdala tumanining Shoʻrquduq qishlogʻi Samarqand viloyati bilan chegaradosh hududda, pastqam adirliklar bagʻrida joylashgan. Soʻnggi yillarda shoʻrquduqlik dehqonlarning lalmi tarvuz yetishtirishi, uni tabiiy usulda uzoq muddat saqlash tajribasi orqali qishloq nomi koʻpchilikning tiliga tushmoqda.
Ayni paytda hudud dehqonlari lalmikor dalalardagi tarvuz hosilini yigʻib, uni saranjomlash bilan band. Shu qishloqlik nafaqadagi oʻqituvchi Bobomurzo Yaxshiboyevni ham dalada, ish ustida uchratdik. Uzoq yillar davomida hududdagi maktabda oʻquvchilarga matematika fanidan dars bergan muallim bugun farzandlari, nevaralariga bosh boʻlib, ularga hosilni yigʻish va aholi “tabiiy muzlatkich” deb ataydigan yertoʻlalarga joylashtirishga koʻmaklashayotgan ekan.


– Qishlogʻimizda lalmi tarvuz yetishtirish bir necha asrlardan buyon davom etib kelmoqda, – deydi u. – Bobolarimiz ham shu adirlarga ketmonda ishlov berib, tarvuz ekkan. Bugun imkoniyat katta. Texnikalar yordamida bir xoʻjalik 10-15 gektargacha lalmi tarvuz ekib, 40-50 mingta sara tarvuz olmoqda.
Dehqonlarning aytishicha, lalmi yerlarda tuproq unumdorligini saqlash uchun almashib ekish tizimiga qatʼiy rioya qilish darkor. Masalan, fermer xoʻjaliklari bir yil ekin ekilgan maydoni kelgusi yil, albatta, damga qoldiradi. Yetarli kuch toʻplashi uchun yerni kech kuz yoki erta bahorda shudgorlab, kelgusi mavsumga tayyorlab qoʻyish lozim. Ana shu vaqt oraligʻida bu yerda lalmi tarvuz yetishtirish mumkin. Boz ustiga, u ushbu poliz ekini yerning kuchini olmaydi. Aksincha, tuproq unumdorligini oshiradi. Shu bois bu faoliyatdan fermer xoʻjaliklari ham manfaatdor.


Yana bir jihati, lalmikor tarvuz yetishtirish katta sarf-xarajat va mehnat talab qilmaydi. Masalan, lalmi tarvuzlar urugʻi ob-havo sharoitiga qarab, may oxirlari yoki iyun boshlarida ekiladi. Ekin unib quloch yozib qolgach, bir marotaba tagini yumshatib chiqiladi. Bor mehnati shu. Sentyabr oxiri, oktyabr boshlariga borib, hosilni yigʻib olaverasiz. Har gektar yerdan uch-toʻrt ming donagacha tarvuz olish mumkin.
– Bu tarvuzlar suvsiz, oʻgʻitsiz yetishtirilgani bois taʼmi nihoyatda shirin, – deydi Bobomurzo Yaxshiboyev. – Har yili ikki-uch mingtagacha sara tarvuzni kelgusi yilning aprel, may oylariga qadar saqlab, ichki bozorga yetkazib beramiz.


Qishloq odamlari tarvuz saqlashda foydalanayotgan yertoʻlalar boʻldi. Yertoʻla deganimiz adirlik bagʻridan qoʻl kuchi bilan qazilgan, enini 3, balandligi 2-2,5, 40-50 metrgacha gʻorsimon imorat. U yer sathidan 40-50 metr pastlikda joylashgan. Shu bois yozda sovuq, qishda iliq boʻladi. Qisqa qilib aytganda, qoʻlbola tabiiy “sovutgich”. Bu yerda uzoq saqlashga moʻljallangan har qanday qishloq xoʻjalik mahsulotini saqlash mumkin.
Ayni paytda qishloqdagi yertoʻlalar birin-ketin hosilga toʻlmoqda. Bu yerda saqlanayotgan tarvuzlar qish, bahor oylariga borib ichki bozorga yetkazib beriladi. Undan keladigan daromad kam boʻlmasligini hisobga olsak, yertoʻladagi tarvuzlar tez orada haqiqiy xazinaga aylanishi muqarrar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring