Kutubxonaning yangi binosi foydalanishga topshirildi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, bosma nashr elektron nashrga nisbatan 70 foiz ortiq taʼsir kuchiga ega ekan. Shu bois butun jahonda ijtimoiy tarmoqlar keng ommalashgan boʻlsada, kutubxonalarga ehtiyoj hamon saqlanib qolmoqda.
Marhamat tumanida kutubxona uchun yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
— Shu paytgacha muqim binoga ega emas edik, — deydi tuman axborot kutubxona markazi mutaxassisi Dilfuzaxon Soliyeva. — Oʻquvchi bitta kitobni olib, uni qaytarib berishga kelsa biz boshqa binoga koʻchgan boʻlardik. Shu tariqa nafaqat kutubxonachilar, balki kitobxonlar ham sarson edi. Hozir esa Muhammad Yusuf nomidagi xiyobonda joylashgan ikki qavatdan iborat, barcha qulayliklarga ega boʻlgan binoda faoliyat olib bormoqdamiz. Ushbu loyihaning foydalanishga topshirilishini kitobxonlik maʼnaviyatini oshirishga eʼtiborning ifodasi, deb bilaman.
15 ming nafar kitobxonga ega boʻlgan kutubxona binosining ochilish marosimida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan 100 million soʻmlik sertifikat topshirildi. Ushbu mablagʻ kutubxona faoliyatini yanada kengaytirish, adabiyotlar fondini oshirish, kitobxonlarni mutolaaga jalb etish kabi maqsadlarga yoʻnaltiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring