Kunduz kuni "fara" yoqib yurish yana majburiy boʻladimi? — deputatlar IIVga soʻrov xati kiritdi
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbayev, jumladan, shunday deb yozadi:
— Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi №292-sonli qarori bilan yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish kiritilib, kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi belgilangandi.
Ushbu kiritilgan oʻzgartirish koʻpchilik fuqarolar tomonidan norozilik bilan qarshi olinib, bunday oʻzgartish kiritishga asoslar yetarli emasligi, transport vositalarining bugungi kundagi texnik holati mos kelmayotganligi kabi eʼtirozlar tufayli biz deputatlar ham hukumatga soʻrov yuborib, ushbu qarorni oʻzgartirishni soʻragan edik.
Shundan soʻng, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-iyunda “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 460-sonli qarori qabul qilinib, mazkur qoidaning amal qilishi 2021-yilning 1-yanvariga qadar kechiktirilgan edi.
Muddat ham yaqinlashib kelmoqda.
Ayni vaqtda jamoatchilik, xususan haydovchilar tomonidan ushbu tartibning 1-yanvardan kuchga kirishi kunduzgi chiroqlari avtomatik ravishda yonmaydigan yangi avtomobilga ega boʻlmagan fuqarolarda jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkinligi bois, uni bekor qilish masalasida yana murojaatlar boʻlmoqda.
Oʻz oʻrnida joylarda oʻtkazilayotgan uchrashuvlardagi takliflar va mutaxassislarning fikrlari shuningdek, mamlakatimizning iqlim sharoiti, aholining turmush darajasi, ekologik vaziyat va imkoniyatlarni inobatga olib bir guruh deputatlar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga hamda Ichki ishlar vazirligiga ushbu tartibni bekor qilish haqida yana soʻrov xati kiritdik.
Soʻrov xatida kunning yorugʻ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi boʻyicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etmaslikni soʻradik.
Umid qilamizki, hukumat va soha vakillari fuqarolarimiz murojaatlari va fikrlari asosidagi ushbu soʻrovimizni eʼtiborsiz qoldirmay uning yechimi boʻyicha adolatli qaror qabul qilishadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring