“Kumush tola” xirmoni yuksalmoqda

16:54 22 May 2023 Jamiyat
667 0

Foto: Rustambek Arabboyev, «Xalq so‘zi»

Ayni paytda respublikamiz pillakorlari uchun muhim palla davom etmoqda. Kecha-yu kunduz tinim bilmay qilingan mehnat mahsuli xirmonlarda bo‘y ko‘rsata boshladi. Andijon viloyatida 150 ming nafardan ziyod aholi aynan shu sohada mehnat qilib, sanoat taraqqiyoti uchun pilla xom ashyosini yetkazib bermoqda. Jumladan, Andijon tumanida 10 ming 271 ta xonadonda ipak qurti parvarishlanyapti. Buning uchun “Andijann silk CO” MCHJ tomonidan 4 ming 475 quti ipak qurti tarqatilgan. Olib borilayotgan samari mehnatlar natijasida 260 tonna “kumush tola” yig‘ib olish rejalashtirilgan.

Shahrixon tumanilik kasanachi Diyoraxon Mirzaboyeva bu yil 10 quti ipak qurti boqdi. U yaratgan xirmon oilasi uchun yaxshigina daromad keltirdi.

- Punktga olib kelingan har bir kilogram pilla uchun 32 ming 147 so‘mdan haq to‘landi,-de  ydi u suhbatda. – Jami 25 mln. so‘m daromad topdim. Bir oylik samarali mehnatim tufayli deyarli bir yillik foyda ishlab topdim. Bunga sabab ipak qurti ozuqasi uchun yetarli sharoitning mavjudligida, deb bilaman.

Darhaqiqat, viloyatda pillachilikning asosiy   yo‘nalishi bo‘lmish tutchilikka etibor yildan-yilga ortib bormoqda. Hozirda 5 ming 100 gektar maydonda tutning Xitoy va Yaponiya davlatlarida yaratilgan navlaridan tashqari andijonlik olimlar tomonidan mahalliylashtirilgan bir nechta navlari ham parvarishlanmoqda. Bu borada invitro laboratoriyasi faoliyati o‘z samarasini bera boshladi.

- Avvallari ko‘chatlar payvandlash yoki urug‘i orqali ko‘paytirilar edi, -deydi Marhamat tumanidagi “Ipak ko‘chat” klasteri invitro laboratoriyasi mutaxassisi Yorqinoy Mirzayeva. –Laboratoriyamizda esa tirik xujayra orqali ko‘chat yetishtirishni tashkil etganmiz. Natijada samaradorlik besh barobarga ortdi. Ya’ni, payvandlash orqali bir gektar maydonda 50 ming tup ko‘chat yetishtirish mumkin bo‘lsa, bizning tajribamiz orqali bu ko‘rsatkich 250 ming tupni tashkil etmoqda. Har 21 kunda 600 ming tup ko‘chat tayyorlash imkoniga egamiz. Shu bilan birga tutning yangi navlarini yaratish ustidagi ilmiy ishlarni davom ettiryapmiz. Buning uchun dunyoning 16 ta davlatidan 240 turdagi tut ko‘chatlarini olib kelganmiz va ularni mahalliylashtirish ishlarini olib bormoqdamiz.

Viloyatda ipakchilik sanoatini rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha 5 ming gektar yer maydoni ajratildi. U yerda tutning mahalliy sharoitga moslashtirilgan, yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan va kasallikka chidamli navlari ekildi. Bu esa yaqin yillar ichida hududda pilla xom ashyosini yetishtirish ko‘rsatkichlari teng barobarga ortishidan dalolatdir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер