Kuchli zilzilani prognoz qilishning yangi usullari ishlab chiqilmoqda
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Bundan ellik sakkiz yil avval, 1966-yilning 26-aprel tongida Toshkent shahri ahlini dahshatga solgan zilzila hodisasini keksa avlodlar hozirgacha eslaydi. Oʻshanda katta qismi vayron boʻlgan shahar qayta qurildi. Bu mudhish ofatdan ilgʻor fan-texnologiyalar rivojlangan mamlakatlarda ham qutulishning iloji yoʻq. Ammo kutilmaganda yer osti boʻronidan zarar koʻrmaslik, inson hayotini, qurilish inshootlarini saqlab qolish imkoniyati bor. Yil sayin rivojlanayotgan zilzilashunoslik fani yer qimirlashini oldindan kuzatish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda tabiiy ofatlarni oldini olish va ularning zararli oqibatlarini kamaytirish masalasiga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Aynan, shu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti qatori hududlardagi oliy taʼlim muassasalarining ishtiroki ham yoʻlga qoʻyildi.
Namangan muhandislik qurilish instituti olimlari tomonidan seysmik, zilzilabardoshlik boʻyicha ikkita loyiha ishlab chiqildi. Ulardan biri “Aholining barcha qatlamini zilzilaga tayyorlashga moʻljallangan masofaviy kursini tashkil etish uchun milliy elektron platformasini yaratish” mavzuida boʻlib, uning amalga oshirilishi natijasida korxona, tashkilot, muassasalar xodimlari va fuqarolarni masofadan oʻqitish imkoniyati yaratildi. Ushbu platforma ishga tushirilgach, 70 mingga yaqin foydalanuvchi belgilangan oʻquv kursini onlayn tugatib, 55 mingga yaqin kishiga sertifikat berildi.

Keyingi loyiha bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish masalasiga bagʻishlangan boʻlib, institut tadqiqotchilari yer osti inshootlari va muhandislik tarmoqlarini zilzilaviy hududlarda qurishning talablarini raqamlashtirish ustida ish olib borishdi. Unga muvofiq zilzila paytida tuproq holatidan kelib chiqib, yer osti quvurlariga salbiy taʼsirning oldini olishga qaratilgan meʼyoriy dastur yaratildi. Bu loyihachi va quruvchilar ishini yengillashtiradi.
— Har ikki loyihani Vazirlar Mahkamasi huzuridagi seysmologiya, inshootlar seysmik mustahkamligi va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan oʻtkazilgan tanlovda yutib oldik, — deydi fakultet dekani Abdurahim Qahhorov. — Ilmiy izlanishlarimiz jamgʻarma tomonidan 800 million soʻm mablagʻ bilan moliyalashtirilib, ularni ishlab chiqishga ilmiy tadqiqotchilar, bir qator oʻqituvchi va iqtidorli talabalar jalb etildi.
Ayni paytda tadqiqotlar samaradorligini oshirish maqsadida institutimiz bir milliard soʻmlik qiymatda laboratoriya uskuna va jihozlarga ega boʻldi. Loyihalarimiz Adliya vazirligi qoshidagi intellektual mulk agentligining tegishli dastur guvohnomasini oldi.
Institut olim va tadqiqotchilari yer silkinishi vaqtida kuzatiladigan magnituda haqidagi prognozlarni raqamlashtirish boʻyicha ham izlanishlar olib borilmoqda. Bu aholining xabardorlik darajasini oshirish bilan alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, xoʻjalik inshootlarini qurishda ularning zilzilabardoshligini oshirish boʻyicha tavsiya beradigan elektron platforma ishlab chiqish boʻyicha muayyan ishlar qilinmoqda. Bu raqamlashtirilgan xarita orqali Oʻzbekistonning har bir hududi boʻyicha ilmiy asoslangan maʼlumotlarni taqdim etish imkonini beradi.

Dunyoda kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullari qanday samara berayotganini birgina Tayvan davlati misolida ham koʻrish mumkin. Tayvanda joriy yilning 3-aprel kuni 7.4 ballik zilzila sodir boʻldi. Bu yerda 1999-yilda ham 7.6 ballik yer silkinishi roʻy bergan, unda juda koʻplab ijtimoiy obyektlar, turli bino va inshootlarga katta talafot yetib, koʻplab insonlar hayotiga zomin boʻlgan edi. Ushbu davlatning zilzilabardoshlik va seysmik sohasi boʻyicha 25-yillik harakati natijasi 2024-yildagi yer qimirlashi vaqtida oʻz samarasini koʻrsatdi. Talafot va yoʻqotishlar avvalgidan keskin kam boʻldi. Bu dolzarb masalada asosiy eʼtiborni tabiiy ofat paytida qanday harakatlanishdan tortib, zilzilaga oid barcha bilimlarni maktabgacha, maktab, oliy oʻquv yurtlari va barcha qatlamdagi aholiga yetkazishga muvaffaq boʻlingani samarasi ekani eʼtirof etilmoqda. Demak, aholini tayyorlash orqali barcha koʻngilsizliklar, fojia va talafotlarni minimallashtirishga erishish mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring