Kuala-Lumpurda metro poyezdlari toʻqnashib ketishi oqibatida jabrlanganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari yoʻq
Kecha mahalliy vaqt bilan soat 20:45 atrofida Kuala-Lumpur shahri “Kelana Jaya” metro yoʻlining “KLCC” va “Kampung Baru” bekatlari oraligʻida ikki poyezd toʻqnashib ketdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
1998-yilda foydalanishga topshirilgan, 37 bekatdan iborat boʻlgan “Kelana Jaya” metro yoʻli Malayziyada dastlabki toʻliq avtomatlashtirilgan va serqatnov metro tarmogʻi hisoblanadi. Ushbu jamoat transporti orqali kuniga 300 mingdan ortiq yoʻlovchi tashiladi.
Favqulodda holat oqibatida kamida 166 kishi jarohatlangan, ularning 47 nafari ogʻir ahvolda. Toʻqnashgan poyezdlardan biri yoʻlovchilarni olib ketayotgan boʻlsa, ikkinchisi yoʻlovchisiz sinov rejimida harakatlangan.
Yoʻl-transport hodisasidan jabrlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun voqea joyiga tibbiyot xodimlari yetib kelgan. Jabrlanganlar Kuala-Lumpur shahrining markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Ayni paytda hodisa sababini oʻrganish uchun maxsus ishchi guruhi tuzilgan.
Oʻzbekiston elchixonasi olgan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, jabrlangan yoʻlovchilar orasida mamlakatimiz fuqarolari yoʻq.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring