“Krokus Siti Xoll”dagi teraktga aloqadorlikda gumon qilingan yana uch nafar shaxs qoʻlga olindi
Foto: РИА «Новости»
Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati Moskva, Yekaterinburg va Omsk shaharlarida “Krokus Siti Xoll”dagi teraktga aloqadorlikda gumon qilingan yana uch nafar Markaziy osiyolik fuqaroni qoʻlga oldi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati jamoatchilik bilan aloqalar markazi maʼlum qildi.
“Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati Moskva, Yekaterinburg, Omsk shaharlarida 2024-yil 22-mart kuni “Krokus Siti Xoll”da sodir etilgan terrorchilik aktida ishtirok etgan Rossiya fuqarosi va ikki nafar chet el fuqarosi – barchasi Markaziy Osiyo mintaqasidan kelgan muhojirlarni qoʻlga oldi”, deyiladi bayonotda.
Federal xavfsizlik xizmati hibsga olinganlardan ikki nafari hujumda ishlatilgan qurol va transport vositalarini sotib olish uchun pul oʻtkazganini aniqlashga muvaffaq boʻlgan. Uchinchisi teraktning sheriklarini yollagan va jinoyatchilarni moliyalashtirgan.
Operativ kadrlarga koʻra, xavfsizlik kuchlari ikki gumonlanuvchidan nima uchun hibsga olinganini soʻraganida, ular “Krokus”dagi terakt uchun” deb javob berishgan.
Bungacha ushbu teraktda aloqadorlikda gumon qilingan 11 kishi qoʻlga olingandi.
Shu yilning 22-mart kuni kechqurun bir guruh terrorchilar “Piknik” guruhining konserti va raqs sporti boʻyicha Rossiya chempionati boʻlib oʻtayotgan “Krokus Siti Xoll” binosiga hujum qildi. Jinoyatchilar tashrif buyuruvchilarga qarata oʻq uzdi, shuningdek, konsert zaliga oʻt qoʻydi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, hujum oqibatida 144 kishi halok boʻlgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring