Kreditlarni qaytarilishi uchun Bosh vazir oʻrinbosarlari, hokimlar, sektorlar va tijorat banklari rahbarlari shaxsan javob beradi

14:56 12 May 2021 Iqtisodiyot
1212 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash boʻyicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida muammoli kreditlarni qaytarish chora-tadbirlarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi.

Qayd qilinishicha, 1-may holatiga muammoli kreditlar hajmi 13,5 trillion soʻmga yetib, yil boshiga nisbatan 2 barobarga oshgan. Sohalar kesimida olib qaragandi, sanoatda — 3 trillion soʻm, savdo va xizmat koʻrsatishda — 2,1 trillion soʻm, qishloq xoʻjaligida — 1,8 trillion soʻm, qurilishda — 978 milliard soʻm, transport va kommunikatsiyada — 547 millard soʻmlik muammoli kreditlar yuzaga kelgan.

Hududlar kesimida Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining har biriga qariyb 1 trillion soʻmdan muammoli kreditlar toʻgʻri kelmoqda.

Bu mablagʻlarni qaytarishga Bosh vazir oʻrinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektorlar va tijorat banklari rahbarlari shaxsan javob berishi taʼkidlandi.

Bosh vazir oʻrinbosarlariga viloyat hokimlari bilan birga, ikki hafta muddatda oʻz kompleksiga kiruvchi korxonalarning muammoli qarzdorligini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ikkinchi chorak yakuniga qadar ularning kamida 25 foizini, yil yakuniga qadar esa 100 foiz qaytimini taʼminlash boʻyicha hududlar va tarmoqlar kesimida grafikni tasdiqlash topshirigʻi berildi.

Oʻtgan 3 yilda hududiy dasturlar doirasida 16 trillion soʻmlik kredit hisobiga amalga oshirilgan 4,2 mingta loyihaning 50 foizi, joriy yildagi 11,5 trillion soʻmlik 2,5 mingta loyiha boʻyicha esa 80 foiz pul tushumlari bankdan tashqarida aylanmoqda.

— Bu raqamlar hudud va tarmoqlardagi loyihalar faqatgina kredit olish maqsadida, “koʻzboʻyamachilik” uchun amalga oshirilyapti, degani emasmi?! Joylarda kredit hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning aksariyatida infratuzilmaga ulash, texnolog, marketolog topishda yordam berish, mahsulot bozorini topish orqali uni sotishga koʻmaklashishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha birorta tarmoq, hudud, sektor va tijorat banklari rahbarlari tizimli ishlarni tashkil etmayapti, — dedi davlat rahbari.

Mutasaddilarga ikki oy muddatda ushbu korxonalar muammolarini aniqlab, ularni “soyadan” chiqarish choralarini koʻrish topshirildi. Bosh prokuratura departamentiga davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha belgilangan parametrlarning bajarilishi, raqamlarning aniq yoki boʻrttirib koʻrsatilayotgani, kreditlarning maqsadli ishlatilishi boʻyicha kunlik nazorat oʻrnatish va aybdorlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish topshirigʻi berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер